Address by the President of the Republic of Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev at the Meeting in the “SCO Plus” Format
Full text of the Address by the President of the Republic of Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev at the Meeting in the “SCO Plus” Format

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “ShHT plyus” formatidagi yig‘ilishdagi nutqi
Hurmatli Sodiq Nurgo‘joyevich!
Hurmatli davlat va delegatsiyalar rahbarlari!
Bugungi “ShHT plyus” yig‘ilishini tashkil etish tashabbusi uchun Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Sodiq Nurgo‘joyevich Japarovga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Bugun biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining adolatli dunyo tartibini shakllantirishdagi rolini muhokama qilmoqdamiz.
Dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar fonida davlatlar va mintaqaviy tashkilotlar global institutlarga o‘zlarining universal missiyasini yanada samarali bajarishda qanday yordam berishi mumkinligini aniqlash muhimdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi kerak, mintaqaviy tuzilmalar esa uning sa’y-harakatlarini to‘ldirishi lozim.
Avvalo, umumiy tamoyillar va qarorlarni mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarni hisobga olgan holda amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish orqali.
Biz aynan shu uyg‘unlikni barqaror ko‘p tomonlama hamkorlikning asosi deb bilamiz.
Yangi dunyo tartibi xalqaro munosabatlar tizimidagi global kuchlar muvozanatini aks ettiribgina qolmay, mintaqaviy muammolarni adolatli hal etishga ham hissa qo‘shishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, “ShHT plyus” formati Shanxay Hamkorlik Tashkilotining kengaytirilgan yig‘ilishidan tashqari, alohida chuqur ahamiyat kasb etadi.
Bu platforma davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtirishga qodir.
U turli tashabbuslarni muvofiqlashtirish va global boshqaruv arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi mumkin va kerak.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
O‘zbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga sodiqdir.
Biz uchun o‘zaro bog‘liqlik strategik avtonomiya va barqarorlik masalasidir.
Biz yangi bo‘linish chiziqlarini yaratmaydigan, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradigan, mintaqaviy loyihalar va tashabbuslar bir-biri bilan raqobatlashmaydigan, balki bir-birini samarali to‘ldiradigan ko‘p qutblilik shaklini yoqlaymiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Men bir qator takliflarni ilgari surmoqchiman.
Avvalo, “ShHT plyus” formatini mintaqalararo muloqot platformasi sifatida rivojlantirish muhim deb hisoblayman.
Barqaror o‘sish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, arzon ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi aniq yo‘nalishlarga e’tibor qaratishni taklif qilaman.
Biz tajriba almashishni kengaytirishimiz, yondashuvlarimizni muvofiqlashtirishimiz va Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surishimiz kerak.
“ShHT plyus” formati mintaqaviy tashkilotlarning hamkorlik tarmog‘ini yaratish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Asosiy vazifa – bizning makro-mintaqamizda loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun ularning kotibiyatlari va tegishli organlari o‘rtasida muntazam ishchi aloqalarni o‘rnatishdir.
Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun mintaqaviy tashkilotlarning salohiyatidan faolroq foydalanishimiz kerak.
Ko‘plab davlatlar o‘xshash muammolarga duch kelishadi. Biroq, bir mintaqada muvaffaqiyatli qo‘llanilgan yechimlar ko‘pincha boshqa mintaqada noma’lum bo‘lib qoladi.
Tajriba almashish mexanizmi sifatida men tabiiy resurslarni boshqarish, “yashil” energiya, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalarida Mintaqalararo loyihalar va texnologiyalar ochiq bankini tashkil etishni taklif qilaman.
Makro-mintaqamizda keng iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish alohida ahamiyatga ega.
Biznes hamma joyda bozorga kirish tartib-qoidalarini soddalashtirish, transchegaraviy koridorlarni ishga tushirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish shaklida sezilarli natijalarni ko‘rishi kerak.
Bunday aniq samaradorlik ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratgan holda, “ShHT Invest” forumini doimiy platformaga aylantirishni taklif qilaman.
Hurmatli hamkasblar!
So‘nggi chorak asr davomida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti turli siyosiy tizimlar, madaniy an’analar va xalqaro jarayonlarga oid qarashlarga ega davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikda noyob tajriba to‘pladi.
Ushbu keng almashinuvni yanada rivojlantirish uchun men doimiy “ShHT plyus” Madaniyatlar va sivilizatsiyalar forumini tashkil etishni taklif qilaman.
Biz ushbu tadbirni Birlashgan Millatlar Tashkilotining manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda qadimiy ilm-fan va ma’rifat markazlaridan biri bo‘lgan Xivada o‘tkazishga tayyormiz.
Aziz do‘stlar!
Yana bir bor ta’kidlashimga ruxsat bergaysizki, biz “ShHT plyus” formatini zamon talablariga javob beradigan platforma deb bilamiz. Mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida qancha ko‘p yaqinlashish nuqtalari bo‘lsa, barqarorlik va o‘zaro ishonch uchun asos shunchalik mustahkam bo‘ladi.
O‘zbekiston umumiy farovonligimizni mustahkamlash va ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishga muhim amaliy hissa qo‘shishda davom etishga tayyor.

