Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kanadalik adiba Enn Karsonga berildi
2026-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kanadalik adiba Enn Karsonga 'mumtoz adabiy an’analarni jonli va erkin tarzda zamonaviy shakllar bilan boyitgan jasur hamda yangilikka to‘la ijodi uchun' berildi.

Adabiyot bo‘yicha 2026-yilgi Nobel mukofoti kanadalik adiba Enn Karsonga nasib etdi. Nobel qo‘mitasi saytida bildirilishicha, Enn Karson bu e’tirofga “mumtoz adabiy an’analarni jonli va erkin tarzda zamonaviy shakllar bilan boyitgan jasur hamda yangilikka to‘la ijodi uchun” munosib deb topilgan.
Karson faqat yozuvchi emas, balki shoira, mumtoz tillar va adabiyot o‘qituvchisi, shuningdek, Simonid, Sapfo, Esxil, Sofokl, Yevripid hamda Katull asarlari tarjimoni ham hisoblanadi. U 18 dan ortiq kitob muallifi.
Boshqa nomzodlarning ismlari oshkor etilmaydi — nominatsiyalar va saralash jarayoniga doir ma’lumotlar mukofot topshirilganidan 50 yil o‘tgachgina e’lon qilinadi.
2026-yilda Nobel mukofoti tashkil etilganiga 125 yil to‘ladi. 1901-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda mukofotlar 633 marotaba 1026 kishi va tashkilotlarga berilgan. Yubiley yili munosabati bilan Nobel jamg‘armasi mukofot pulini 1 millionga oshirib, 12 million krongacha (taxminan 1,2 million dollar) yetkazdi.
2025-yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti venger yozuvchisi Laslo Krasnaxorkaiга “qiyomat dahshati sharoitida san’atning kuchini yana bir bor tasdiqlagan ishonchli ijodi uchun” berilgandi.
9-oktabr kuni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilinadi. Shvetsiya banki tomonidan 1969-yildan buyon ta’sis etib kelinayotgan Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot 12-oktabrda topshiriladi.

