Abu Dabida 11 mlrd dollarlik “salomatlik oroli” barpo etilmoqda

Abu Dabi shahrida 11 milliard dollarlik “salomatlik oroli” qurilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan ushbu Fahid oroli insonning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklashga qaratilgan. 2029-yilda to‘liq ochilishi rejalashtirilgan bu hududda 6 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi, deb xabar bermoqda CNN.

Qiymati 10,9 milliard dollar bo‘lgan loyiha Abu Dabi hukumatiga qarashli Aldar Development kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya vitse-prezidenti Emma MakKri Brinning so‘zlariga ko‘ra, oroldagi har bir dizayn va infratuzilma tanlovi salomatlik nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilgan.

Yashil hayot va infratuzilma

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yashil maydonlar va piyoda yurishga qulay joylar inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, Fahid oroli markazidan 10 kilometr masofada Berm parki joylashadi. Ushbu parkda yugurish va velosiped yo‘laklari bo‘ladi.

2,7 million kvadrat metr maydonni egallagan orolda kvartiralardan tortib, juda dabdabali villalargacha turli turar joylar quriladi. Aldar saytidagi narxlar 517 ming dollardan boshlanib, 2 million dollargacha yetadi. Orol ichidagi yo‘llarning 70 foizdan ortig‘i soyali bo‘ladi, bu esa aholiga butun orol bo‘ylab piyoda harakatlanish imkonini beradi. Shuningdek, orolda do‘konlar, plyaj klublari va suv sporti markazlari ham mavjud bo‘ladi.

2028-yil sentyabr oyida orolda Buyuk Britaniyaning King’s College School Wimbledon xususiy maktabining filiali ochilishi rejalashtirilgan. Ushbu maktab AQSHning Fitwel (sog‘lom binolarni sertifikatlash dasturi) tizimi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan dunyodagi birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladi. Fahid oroli ham ushbu tizim tomonidan maksimal uch yulduzli reytingni olgan va bu borada dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Sertifikatlash jarayonida jismoniy faollik, sog‘lom oziq-ovqat, ruhiy salomatlik va kasalliklarning oldini olish kabi mezonlar hisobga olingan.

“Odamlar binoda sport zali yoki spa joylashtirishni salomatlik deb o‘ylaydi. Unday emas. Salomatlik, insonlar har kuni to‘g‘ri va sog‘lom qarorlar qabul qila olishi uchun atrof-muhitni loyihalash demakdir”, deydi Emma MakKri Brin.

Avvalroq Misrda 27 milliard dollarga yangi shahar qurilishi haqida xabar berilgan edi. The Spine deb nomlangan loyiha 2 million kvadrat metrdan ortiq hududni egallaydi va 165 ta turar joy, biznes va tijorat minoralarini qurishni nazarda tutadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.