Abdulla Qahhor uy-muzeyi ta’mirlash uchun yil oxirigacha yopildi
Toshkentdagi Abdulla Qahhor uy-muzeyi ta’mirlash va modernizatsiya ishlari sababli 31-dekabrgacha yopildi. Bu davrda muzey eksponatlari xavfsizligini ta’minlash uchun O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga vaqtincha ko‘chirib turiladi.

Abdulla Qahhor uy-muzeyi ta’mirlash ishlari uchun yil oxirigacha yopildi
Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan Abdulla Qahhor uy-muzeyi faoliyati 21-sentabrdan 31-dekabrgacha vaqtincha to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Madaniy meros agentligi.
Ma’lum qilinishicha, bu davrda ta’mirlash-tiklash hamda modernizatsiya ishlari olib boriladi. Jarayon davomida, jumladan, muzey ekspozitsiyasidagi ashyolarni xavfsiz tarzda demontaj qilish, fonddagi eksponatlarning but saqlanishini ta’minlash va ularni maxsus xonalarga joylashtirish choralari ko‘riladi.
Barcha muzey ashyolari mutaxassislar ishtirokida O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga vaqtincha ko‘chiriladi. Ishlar tugagach, barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilingan holda eksponatlar uy-muzeyga to‘liq qaytariladi.
Ashyolarni ko‘chirish va qayta joylashtirish jarayoni qonunchilikda belgilangan tartibda topshirish-qabul qilish dalolatnomalari asosida amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq poytaxtdagi Yunus Rajabiy uy-muzeyi ham 2027-yil 30-mayiga qadar yopilgandi.

