8 million dollarlik firibgarlikda bankning kiberxavfsizlik xodimi ham qatnashgani aytilmoqda
Toshkentda banklar nomidan qoʻngʻiroq qilib, fuqarolarning pullarini oʻzlashtirish va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirish bilan shugʻullanganlikda gumonlanayotgan guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Xabarga koʻra, guruh tarkibida banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik boʻlimi xodimi ham boʻlgan.

8 million dollarlik firibgarlikda bankning kiberxavfsizlik xodimi ham ishtirok etgani aytilmoqda
Tezkor-qidiruv tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, 1989–2005-yillarda tug‘ilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, soxta koll-markaz tashkil qilgan.
Guruhga aloqador yana bir 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro esa ijaraga olingan xonadonga koll-markaz faoliyatida foydalanish uchun noqonuniy GSM-shlyuz qurilmasini o‘rnatgan.
Xabarda guruhga Toshkent viloyatida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan shaxs rahbarlik qilgani aytilgan.
Guruh a’zolari turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, go‘yoki firibgarlar ularning nomiga kredit olishga urinayotganini ma’lum qilgan. Shu bahona bilan jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirgan va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgani qayd etilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, jinoiy yo‘l bilan topilgan jami 8 million AQSH dollari kriptovalyuta ko‘rinishida soxta MCHJ orqali xorijiy davlatga chiqarilib, legallashtirilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov davomida ushbu faoliyatga aloqador 10 nafar shaxs aniqlangan.
Xabarda bank nomi, jabrlanuvchilar soni va mablag‘lar qaysi davlatga chiqarilgani ochiqlanmagan.

