75 yevroparlament deputati Rossiya neft va gazidan toʻliq voz kechishga chaqirdi
Yevroparlamentning 75 deputati Yevropa Ittifoqi rahbarlarini Rossiya neft va gaziga toʻliq embargo joriy etish, yangi sanksiyalar tayyorlash va Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. Ular Rossiya dizeli va boshqa energetika mahsulotlari uchun Yevropa bozorini qayta ochmaslikni soʻragan.

75 nafar yevroparlament deputati Rossiya neft va gazidan butunlay voz kechishga chaqirdi
DW xabariga ko‘ra, deputatlar 14-oktabr kuni Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta hamda YEI davlatlari rahbarlariga qo‘shma maktub yuborgan.
Yevropa kengashi yig‘ilishi oldidan yo‘llangan murojaatda YeIning Rossiyaga nisbatan siyosatini yumshatmaslik va bu masalada yagona pozitsiya bildirish zarurligi ta’kidlangan.
Maktub mualliflari mustahkam sulh va tinchlik o‘rnatilmaguncha, shuningdek, Rossiya va uning sheriklari sodir etgani aytilgan harbiy jinoyatlar hamda tajovuz jinoyatlari uchun adolat ta’minlanmaguncha Moskvaga yon berilmasligi kerak, degan fikrda.
Deputatlar Rossiya Ukraina va uning aholisiga yetkazgan zarar uchun tovon, jumladan, reparatsiya to‘lashi kerakligini ham talab qilgan.
Murojaatda Rossiya energiya resurslaridan to‘liq voz kechish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish va neft hamda gaz importiga to‘liq taqiq joriy etish taklif qilingan. Shuningdek, Kremlning energiya eksportidan oladigan daromadlarini yanada kamaytirishga qaratilgan yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqish so‘ralgan.
Deputatlar AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiya va «energetik sulh»ga yondashuvini xato deb baholab, Yevropa rahbarlarini unga ergashmaslikka chaqirgan.
«Sizlarni prinsipial pozitsiyamizni saqlashga va Ukraina g‘alaba qozonguniga qadar uni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz», - deyiladi maktubda.
Mazkur talablar 75 deputatning qo‘shma murojaati bo‘lib, YEI tomonidan qabul qilingan yangi sanksiya qarori emas.

