«70 yoshimga spa-salonga borishni emas, tez yordam mashinasi kelishini xohlagandim»
Kenilvortlik Sheron Maksted tibbiy buyumlar bilan toʻldirilgan tez yordam mashinasini Ukrainaga haydab bormoqda.

«Men 70 yoshimga spa-salonga borishni emas, tez yordam mashinasini xohlagan edim»
Sheron tez yordam mashinasini insonparvarlik yordami bilan birga Ukraina yaqinida qoldiradi va uyiga uchib qaytadi
Kenilvortlik ayol 70 yoshli tugʻilgan kuniga tez yordam mashinasi sovgʻa qilinganida, uning orzusi ushalganini aytdi.
Sheron Maksted zargarlik buyumlari yoki spa-salonda dam olish oʻrniga, iyun oyida 70 yoshga toʻlishini «oʻziga xos tarzda» nishonlashni xohlaganini aytdi. Endi u turmush oʻrtogʻi Devid bilan birga tibbiy buyumlar, issiq kiyimlar va nogironlar aravachasi yuklangan tez yordam mashinasini Ukrainaga haydab boradi.
Er-xotin juma kuni yoʻlga chiqib, Polsha sharqiga borishadi va u yerda tez yordam mashinasi hamda undagi yuklarni qoldirib, uyga samolyotda qaytishadi.
«Turmush oʻrtogʻim agar mashinani oʻzim haydashga rozi boʻlsamgina uni sotib olishini aytdi. Bu men uchun kutilmagan yangilik boʻldi va biroz xavotirdaman, chunki besh yildan beri avtomat uzatmali mashina haydayotgan edik», dedi Sheron.
«Men 1970 yillarning 17 soatlik musiqasini yuklab oldim va yoʻlda Queen guruhining "Don't Stop Me Now" qoʻshigʻiga joʻr boʻlib ketaman», deya qoʻshimcha qildi u.
Bu reja uning turmush oʻrtogʻi Devidning «Kenilworth Lions» tashkilotidagi faoliyati orqali amalga oshdi. Ushbu tashkilot Limington shahrida joylashgan «Belvedere» xayriya jamgʻarmasi bilan hamkorlik qilib, Ukrainadagi urushdan jabr koʻrgan odamlarga insonparvarlik yordami, jumladan, tez yordam mashinalari, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar yetkazib beradi.
Sheron turmush oʻrtogʻi Devid bilan birga Yevropa boʻylab Ukrainaga qarab yoʻl oladi.
Bungacha Ukrainaga tez yordam mashinasida tibbiy buyumlar yetkazib berish uchun ikki marta borgan Devid bu safarlar «har doim juda foydali» boʻlganini aytdi.
Sheron urush boshlanganidan beri xayriya tashkiloti tomonidan Ukrainaga yuborilayotgan 70-tez yordam mashinasini haydab boradi.
U BBC CWR telekanaliga bergan intervyusida mashinani Yevropa boʻylab haydashdan biroz xavotirda ekanini, biroq turmush oʻrtogʻi yoʻlning katta qismi avtomagistraldan iborat boʻlishini aytib, uni tinchlantirganini bildirdi.
Sheron Ukrainaga olib ketayotgan xayriya kiyimlarining koʻpligidan «koʻzlariga yosh kelganini» aytdi.
Sheronning soʻzlariga koʻra, u tez yordam mashinasida olib ketish uchun «Kenilworth Lions» tashkilotidan va oʻzi aʼzo boʻlgan, xotin-qizlar hayotini yaxshilashni maqsad qilgan «Soroptimist International of Kenilworth and District» feministik guruhidan koʻplab kiyim-kechak xayriyalarini qabul qilib olgan.
«Odamlarning naqadar saxovatli ekanidan baʼzida koʻzlarimga yosh keldi, hatto deyarli kiyilmagan kiyimlarni ham berishdi — odamlarning qilgan yordami kishini hayratda qoldiradi».
Ularning qizi Kler ota-onasining «oʻz jamiyatlariga shunchalik koʻp yordam berayotgani va odamlar hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirishga hissa qoʻshayotganidan juda faxrlanishini» aytdi.
«Kelgusi yili toʻyimizning 50 yilligi, shuning uchun oʻshanda qanday shoʻxlik qilishimizni kim biladi deysiz», dedi Sheron.

