70 yil yashagan uyidan koʻchirilgan 87 yoshli ayol vafot etdi - uning taqdiri Ispaniyada namoyishlarga sabab boʻlgandi
Madridda qariyb 70 yil yashagan ijara uyidan koʻchirilishi Ispaniya boʻylab norozilik namoyishlariga sabab boʻlgan Marikarmen Abaskal 87 yoshida shifoxonada vafot etdi. Bu haqda 7-oktabr kuni Madrid ijarachilar uyushmasi maʼlum qildi.

70 yil yashagan uyidan koʻchirilgan 87 yoshli ayol vafot etdi — uning taqdiri Ispaniyada noroziliklarga sabab boʻlgandi
Abaskal Ispaniya poytaxtining eng qimmat hududlaridan biri — Retirodagi kvartirada 1956-yildan beri yashab kelgan. U uzoq yillar davomida oyiga 500 yevro ijara toʻlagan.
2018-yilda kvartira yangi kompaniya tasarrufiga oʻtgach, ijara haqi ayolning pensiyasidan ham yuqori darajaga koʻtarilgan. Tomonlar oʻrtasidagi tortishuv bir necha yil davom etgan.
23-sentabr kuni Abaskal sud qarori asosida uydan chiqarilgan. Oʻsha kuni bino atrofida koʻchirishga qarshi chiqqan koʻplab namoyishchilar toʻplangan. Politsiya ularni tarqatgan, tibbiyot xodimlari esa keksa ayolni shifoxonaga olib ketgan.
Bu voqea Ispaniyada uy-joy muammosiga qarshi ommaviy namoyishlarga turtki bergan.
28-sentabrda ayolning vakillari uy egalari bilan yangi kelishuvga erishgan. Unga koʻra, Abaskal uchun sakkiz yillik ijara shartnomasi tuzilib, oylik toʻlov pensiyasining uchdan biri — taxminan 410 yevro etib belgilangan.
Bu kelishuv unga uyiga qaytish imkonini berishi kerak edi. Biroq ayol shifoxonada vafot etgan.
Kvartira bilan bogʻliq nizoning tarixi ancha oldinga borib taqaladi. Uni dastlab Abaskalning otasi Fransisko Franko davrida tartibga solingan ijara narxida olgan. Otasi vafotidan keyin ayol yolgʻiz yashay boshlagan, uy egalari esa unga yangi shartnoma imzolashni taklif qilgan.
Avvalgi mulkdorlar bilan kelishmovchilik davom etgan boʻlsa-da, 2018-yilda kvartirani sotib olgan kompaniya bozor narxidagi ijara haqini talab qilgan.
Abaskal atrofidagi voqealar Ispaniyadagi kengroq uy-joy inqirozi fonida yuz berdi. Namoyishlar va parlamentning hukumat taklif qilgan uy-joy islohotini rad etishi ortidan bosh vazir Pedro Sanches 5-oktabrda parlamentni tarqatish hamda 29-noyabrda muddatidan oldin saylov oʻtkazishini eʼlon qilgan.
Hukumat takliflari arzon ijtimoiy uy-joy qurilishini koʻpaytirish, ijarachilar himoyasini kuchaytirish va boʻsh turgan yoki turistlarga ijaraga beriladigan kvartiralarga soliqlarni oshirish kabi choralarni qamrab olgan. Oʻng muxolifat islohotni va uni parlament maʼqullovisiz amalga oshirish qarorini tanqid qilgan.

