Dunyo

“64 oʻzbekdan uch kishi tirik qoldik” – Rossiya armiyasiga yollangan erkak hikoyasi

Kitoblik 38 yoshli erkak Moskva shahrida “zakladchik” boʻlib ishlagan va narkojinoyatda ayblanib, 7 yilga qamalgan. Jazoni oʻtash davrida unga Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashish taklif qilingan. Erkak sudda harbiy poligonga yuborilgan 64 nafar oʻzbekdan faqat uch kishi qochib tirik qolganini, qolgan barchasi oʻlib ketganini aytgan.

“64 oʻzbekdan uch kishi tirik qoldik” – Rossiya armiyasiga yollangan erkakning hikoyasi

Qashqadaryoda Rossiya armiyasiga yollangan bir shaxsga nisbatan jinoiy jazo qoʻllandi.

Sud hukmida qayd etilishicha, 38 yoshli A.N. 2022-yil dekabr oyida ishlash va pul topish maqsadida Rossiyaga borgani aytiladi. U dastlab Sankt-Peterburg shahridagi qurilishlarda ishlagan, keyin esa Moskva shahriga yoʻl olgan.

A.N. Moskvada Telegram orqali Suhrob ismli shaxs bilan tanishgan va uning topshirigʻiga koʻra psixotrop moddalarni geolokatsiya asosida yetkazib berish bilan shugʻullangan. 2023-yil 14-yanvar kuni Suhrob unga 20 dona psixotrop tabletka turgan joyning geolokatsiyasini yuborib, ularni Bunyod ismli shaxsga olib borib berishni buyurgan. A.N. aynan shu kuni topshiriqni bajarish jarayonida qoʻlga olingan.

Shu tariqa u narkojinoyatda ayblanib, sud qarori bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U jazoni Tombov shahridagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasida oʻtay boshlagan.

Jazo oʻtash davrida unga Ukrainaga qarshi urushda qatnashish taklif qilingan. A.N. koloniyadagi qiynoqlarga chiday olmaganini, shartnomaga imzo qoʻyishga majbur boʻlganini bildirgan.

“Koloniya xodimlari azob berib, hech bir sababsiz karserga qamab qoʻyishar, kechalari uxlatmasdan Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tarafini olib ishtirok etishga majburlashardi. Bundan tashqari, ataylab choʻchqa goʻshti va yogʻidan tayyorlangan taomlarni berishardi. Ushbu azoblarga chiday olmasdan 2025-yil sentabr oyida shartnomaga imzo qoʻydim”, degan A.N. oʻz koʻrsatmasida.

Shundan keyin uni koloniyadan dala oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladigan joyga olib borishgan. U 30 kun davomida harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarida qatnashgan. 2025-yil oktabr oyi oxirida esa bir necha kishi bilan poligondan qochib, Moskva shahriga borgan.

A.N. Oʻzbekistonga qaytish uchun elchixonaga murojaat qilgan. Elchixona xodimlari 7 kundan soʻng vatanga qaytish guvohnomasi tayyor boʻlishini aytgan. Biroq A.N. 7 kun kutmasdan tanishlari orqali qalbaki vatanga qaytish guvohnomasi tayyorlatgan. 2025-yil 11-noyabr kuni Novosibirsk shahridagi aeroportda uning vatanga qaytish guvohnomasi qalbaki ekani aniqlangan. Shundan soʻng u 2026-yil 25-mayga qadar Novosibirsk shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida ushlab turilgan.

“2025-yil 11-noyabrdan 2026-yil 25-mayga qadar meni tergov qilishdi. Urushda oʻlib ketadi, deya biror hujjat rasmiylashtirmasdan jazoni ijro etish koloniyasidan poligonga yuborishgani sababli qamalganim va urushga yuborilganim boʻyicha hujjatlar aniqlanmadi. Soʻngra deport qilib, Oʻzbekistonga chiqarib yuborishdi. Urushda qatnashish uchun poligonga majburiy yuborilgan 64 nafar oʻzbek yigitlaridan faqat uch kishi qochib tirik qoldik, qolganlarning barchasi oʻlib ketdi”, dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.