50 ming dollar — mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi...
O‘sha lahzada hayajon ustun kelgan. Yaratilgan imkoniyatlar uchun yurtboshimizga rahmat aytmoqchi edim. Avvalgi muloqotda «4

50 ming dollar — bu mening oylik maoshim emas, balki «Yil o‘qituvchisi» tanlovida g‘olib bo‘lgani uchun berilgan bir martalik mukofot edi...
Ustozlik — bu inson hayotiga ta’sir qilish, uning kelajagiga daxldor qarorlarga sabab bo‘lish demakdir. Ayniqsa, bu kasbni yillar davomida chekka hududda sidqidildan bajarib, ilmiy izlanish va oilaviy mas’uliyatni birdek yelkasida ko‘tarib kelayotgan pedagog uchun e’tirofning har qanday ko‘rinishi ortida katta mehnat va mas’uliyat turadi.
Qoraqalpog‘istonlik pedagog, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nigora Allambergenova ana shunday ustozlardan biri. Uning kasbiy faoliyatida maktab, ilm-fan va shogirdlar hayoti bir-biridan ajralmaydi. Ustozlik unga oiladan meros bo‘lgan qadriyat bo‘lsa, ilmiy izlanish uning dunyoqarashini boyitgan, shogirdlarining yutuqlari esa mehnatining eng katta mukofotiga aylangan. Ayniqsa, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uning hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi...
Nigora opa, bugun sizni xalqimiz «Yil o‘qituvchisi» va 616 million so‘mlik mukofot sohibasi sifatida yaxshi taniydi. Ammo bu unvonlarni bir chetga surib qo‘ysak, o‘zingizni yana qaysi yutuqlaringiz, ta’lim sohasiga qo‘shgan hissangiz bilan kim deb tanishtirgan bo‘lardingiz?
— Avvalo, men o‘zimni oddiy maktab o‘qituvchisi, Qonliko‘l tumanidagi maktabda faoliyat yurituvchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan pedagog va ilmiy izlanishdan to‘xtamaydigan tadqiqotchi sifatida tanishtirgan bo‘lardim. «Yil o‘qituvchisi» unvoni men uchun katta sharaf, ammo mening eng katta yutug‘im shogirdlarimning natijasi.
Nega aynan o‘qituvchi bo‘lishni tanlagansiz, kim sababchi bo‘lgan bu sohani tanlab, shu darajaga yetishishingizga?
— Bolalikdan o‘qituvchilik muhitida ulg‘ayganman. Ota-onam, bobom, buvim, amakim va ammalarim ham o‘zbek tili o‘qituvchisi bo‘lgan. Dadam Qurbaneyazov Gulmurza — Ajiniyoz nomidagi NDPI professori, fan doktori. Onam Sobirova Hakima Nukus shahridagi 38-sonli maktabda o‘zbek tili fani o‘qituvchisi. Opam Allambergenova Nodira ham filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent. Ona tomondan katta bobom Xivadagi madrasada xon farzandlariga ta’lim bergan. Shuning uchun oilamizda bu kasbga alohida hurmat bilan qaraladi.
Men juda kichikligimdan ilm muhitida ulg‘ayganman. Olti yoshimdayoq barcha harflarni tanirdim. 1997-yilda dadam fan nomzodi bo‘lgan. Undan oldin ilmiy ishini yozuv mashinasida yozardi. Men esa yonida o‘tirib, kitobdan belgilangan joylarni o‘qib turardim. Aks holda bir vaqtning o‘zida kitobga ham, yozuv mashinasiga ham qarash ko‘p vaqt olardi.
13 yoshimda birinchi kompyuterimizni oldik. Dadam doktorlik ishini qo‘lda yozar, men esa kompyuterda ko‘chirib berardim. Shunday qilib, ilmga kirib kelganman. Institutda ham ustozlarim bilan birdek mulohaza yurita olardim, garchi hali ilmiy darajam bo‘lmasa ham.
Bugungi Nigora Allambergenova o‘zi o‘quvchilik yillaridagi Nigora bilan uchrashsa, unga birinchi navbatda nima degan bo‘lardi?
— «Sen to‘g‘ri ketyapsan, faqat to‘xtama», derdim. Chunki inson o‘z yo‘liga ishonch bilan borsa, natija albatta bo‘ladi. Balki o‘sha paytda bugungi kunlarimni tasavvur ham qilmagandirman. Lekin orzu qilishdan va harakat qilishdan to‘xtamagan bo‘lardim.
4. Qonliko‘lda ishlashning shaharda o‘qituvchilik qilishdan farqi nimada, deb o‘ylaysiz? Bu hududda pedagog bo‘lishning siz aytmagan, faqat o‘zingiz biladigan qiyin va o‘ziga xos tomoni nimada?
— Qishloqda o‘qituvchini nafaqat o‘quvchisi, balki uning ota-onasi, mahallasi ham taniydi. Shuning uchun siz har bir harakatingiz bilan o‘quvchiga ham, jamiyatga ham namuna bo‘lasiz. Qishloqda o‘qituvchilar juda qadrlanadi. O‘quvchilar bilan samimiy munosabat o‘rnatish imkoniyati bor. Ammo imkoniyatlar o‘quvchilarga shahardagi bolalar bilan teng bilim berish uchun o‘qituvchidan yanada ko‘proq izlanish talab etiladi.
Sizni ishdan ketish yoki boshqa kasb tanlash haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilgan voqea bo‘lganmi?
— Jiddiy ravishda kasbimni tashlash haqida o‘ylagan davrim bo‘lmagan. Albatta, har bir kasbda qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin o‘quvchining bir og‘iz yaxshi gapi yoki kichik yutug‘i ham insonga yana kuch beradi. Ba’zida o‘quvchilar «Maylimi siz bilan do‘stona gaplashsam», deb kelishadi. Ularni tinglab, meni o‘ziga yaqin olayotganliklaridan quvonaman. Sizni o‘z idealidagi inson sifatida ko‘ra olsa, har qanday o‘quvchi sizga ergashadi.
Olis hududda ishlayotgan o‘qituvchi uchun eng katta muammo — maosh, sharoit, kadrlar, o‘quvchilar imkoniyati yoki boshqa narsami?
— Menimcha, bitta muammoni ajratib ko‘rsatish qiyin. Sharoit, kadrlar, o‘quvchining imkoniyati — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Lekin eng muhimi yaxshi mutaxassisni hududda ushlab qolish. Chunki aksariyat bilimli va yaxshi kadrlar doim markazga intiladi.
Sizda «shu bolaning hayoti o‘zgarsa, mening mehnatim bekor ketmabdi», degan hisni uyg‘otgan o‘quvchingiz bormi? Ularning qaysi gapi siz uchun eng ta’sirli bo‘ldi?
— «Qizim, Sirojiddin Sayyid boshqa hech qaysi Nigora ustoz haqida she’r yozmagan. Sen yurtboshimizning yodida qolgansan. Bu o‘qituvchi uchun eng katta sharaf» deyishdi.
Agar bugungi mukofot, Prezident bilan muloqot va «Yil o‘qituvchisi» unvoni hamda hozirgidek yuqori maoshingiz bo‘lmaganida ham, ertaga yana maktabga borishga sizni nima undardi?
— Hayotim mazmuniga aylangan jonajon maktabim, o‘quvchilarim. Bir kun bormay qolsam, sog‘inib qolaman.
O‘qituvchi uchun yaxshi maosh muhimmi yoki jamiyatdagi hurmat?
— Hurmat va e’tibor muhim.
Bugungi bolalarni o‘qitish qiyinlashdimi yoki fanlar avvalgidan qiyinlashdimi? Balki biz, kattalar, hozirgi zumerlarni tushunishga harakat qilmayotgandirmiz?
— Bolalar nimani bilishini, qaysi fanni o‘rganishni, qaysi mavzuga qiziqishini bilmasangiz, yaxshi o‘qituvchi bo‘la olmaysiz. Ularni qalban his qila olsangizgina sizni hurmat qilishadi.
O‘quvchining bahosi past bo‘lsa, siz birinchi navbatda bolani ayblaysizmi yoki «men bu bolaga bilimni boshqacha usulda tushuntirishim kerak», deb o‘ylaysizmi?
— Avvalo, o‘zimni ayblayman. «Nega o‘zlashtira olmayapti?», deb o‘ylayman. Keyingi darsimda o‘sha o‘quvchimga ko‘proq e’tibor beraman.
Bugungi kunda davlat maktablari avvalgidek dars bermayotgandek, puli bor inson iloji boricha farzandini xususiy maktabga berishga intiladi. Bunga o‘qituvchilar aybdormi yoki maoshlar kamligi sababmi?
— Jamiyatda shunday fikr shakllanib qolgan. Aslida hali ham fidoyi hamkasblarimiz bor. Ularning shogirdlari tushdan keyin maktabga kelib to‘garaklarda qatnashib, hatto qo‘shimcha ishlab ham turli sertifikatlarni olayotganlar bor. Lekin ota-onalar ko‘p hollarda repetitorni afzal ko‘rishadi.
Siz o‘quvchilarni faqat fan bo‘yicha o‘qitasizmi yoki uni hayotga tayyorlashni ham o‘z vazifangiz deb bilasizmi?
— Faqat fanni emas, hayotni ham o‘rgatish kerak, deb bilaman. O‘quvchilarga to‘g‘rilik, halollik, do‘stlikni qadrlash, mehnat qilish va insonni hurmat qilishni o‘rgatishga harakat qilaman. Chunki maktab faqat bilim beradigan emas, inson shaxsi shakllanadigan muhit.
Hayotingizda hech kim bilmaydigan, lekin bugungi Nigora bo‘lishingizga sabab bo‘lgan bir qiyin davr bo‘lganmi?
— Hayotimda bir farzandimni baxtsiz hodisa sabab yo‘qotganman. Bu og‘riqni so‘z bilan ifodalash qiyin. Lekin bu voqeadan olgan eng katta sabog‘im boladan qadrli hech bir ne’mat yo‘q. Shuning uchun har bir o‘quvchimga kimningdir jondek aziz farzandi sifatida qarayman. Unga shunday munosabatda bo‘lish kerakki, ertaga qilgan ishingizdan afsus chekmasligingiz kerak.
Siz uchun eng katta qo‘rquv nima — muvaffaqiyatsizlikmi yoki muvaffaqiyatdan keyin unga mos bo‘la olmaslikmi?
— Muvaffaqiyatga munosib bo‘la olish eng qiyini.
Bugun minglab o‘qituvchilar sizga havas bilan qarashadi. Sizning ularga aytar gapingiz?
— Har bir o‘quvchingizni o‘z farzandingizdek ko‘ring. Ulardagi imkoniyatni ko‘rishga harakat qiling va o‘zingizda bor bilimni berishga erinmang. Doimo o‘qing, o‘rganing, o‘z faningizdagi yangiliklarni kuzatib boring. Eng muhimi, kasbingizni seving!
Kun kelib o‘quvchilaringiz xotirasida qaysi gapingiz bilan qolishini istar edingiz?
— Faqat yaxshi xotiralar bilan eslashlarini xohlardim.
Bugun sizga «Yil o‘qituvchisi» degan unvon berildi. Ammo o‘zingiz uchun hali olinmagan eng katta unvon yoki erishilmagan eng katta maqsad nima?
— «Xalq o‘qituvchisi» bo‘lish!
Yana bir katta maqsadim o‘quvchilarimni asosiy olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib qilish. Chunki shogirdlarning muvaffaqqiyati — ustozning eng katta yutug‘idir!

