5 mlrd so‘mni talon-toroj qilishda gumonlanayotgan erkak Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi
Kredit mablag‘larini talon-toroj qilib, davlat budjetiga 5 mlrd so‘m zarar yetkazishda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan erkak Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. U 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

5 mlrd so‘m talon-toroj qilinganlikda gumon qilinayotgan erkak Turkiyadan O‘zbekistonga olib kelindi
O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligi natijasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan S.A. Turkiyada topilib, qo‘lga olindi va O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, S.A. ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish orqali talon-toroj qilib, davlat budjetiga jami 5 milliard so‘m zarar yetkazganlikda gumon qilinmoqda.
U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan xalqaro qidiruvga berilgan. Ushbu jinoyat uchun BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.
Mazkur shaxs tegishli tergov va protsessual harakatlarni davom ettirish uchun O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirildi, deyiladi xabarda.
Xalqaro qidiruvdagilarni aniqlash ishlari davom etmoqda.

