5 kg gacha baliq ovlash bepulligicha qoladi - rasmiy izoh
Ijtimoiy tarmoqlarda «Fishermen ID» tizimi joriy etilishi ortidan havaskor baliq ovlash pullik boʻlishi haqida xabarlar tarqaldi. Baliqchilikni rivojlantirish markazi bu borada izoh berib, amaldagi tartib oʻzgarmasligini maʼlum qildi.

5 kg gacha baliq ovlash bepulligicha qoladi — rasmiy izoh
Qonunchilikka muvofiq, umumiy foydalanishdagi suv havzalarida taqiqlanmagan qurol va usullar bilan 5 kg gacha baliqni bepul ovlash mumkin. Baliqchilikni rivojlantirish markazi bergan maʼlumotga koʻra, bu imkoniyat bekor qilinmaydi va pullik qilinmaydi.
Prezidentning 2026-yil 2-iyuldagi 122-son farmoni asosida joriy etilishi rejalashtirilgan «Fishermen ID» esa sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm yoʻnalishidagi pullik xizmatlarni yagona platformada jamlashga xizmat qiladi.
Baliq ovlash uchun maxsus sharoit yaratgan xoʻjaliklar oʻz xizmatlarini platformaga ixtiyoriy ravishda joylashtirishi mumkin. Foydalanuvchilar suv havzasining manzili, sharoitlari, xizmat narxi va boʻsh joylar haqida maʼlumot olib, joyni oldindan band qiladi. Pullik xizmat tanlanganda, toʻlovdan keyin QR-kodli elektron chek beriladi.
Taʼkidlanishicha, «Fishermen ID» umumiy foydalanishdagi suv havzalarida 5 kg gacha baliqni bepul ovlash tartibiga taalluqli emas. Tizim faqat maxsus tashkil etilgan sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm xizmatlaridan foydalanishni qulaylashtirish uchun moʻljallangan.

