45 yil o‘tib: “Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” filmining tomoshabinlar ko‘rmagan sahnalari

**45 yildan so‘ng: "Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi" filmining tomoshabinlar ko‘rmagan lavhalari**
Vladimir Menshov tomonidan Valentin Chernix ssenariysi asosida suratga olingan "Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi" melodramasi 45 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, hanuzgacha eng sevimli filmlardan biri bo‘lib qolmoqda. Film prokatga chiqqan yili "XX asr qaroqchilari" jangari filmidan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Kartina xorijda ham katta muvaffaqiyat qozonib, "Oskar" mukofotiga sazovor bo‘lgan va boshqa nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Shunga qaramay, ushbu mashhur filmdagi ayrim sahnalar badiiy kengash talabi bilan qisqartirilgan, ssenariydagi ba’zi syujet yo‘nalishlari esa suratga olish jarayonida o‘zgartirilgan.
**Sherlok Holms qobiliyatiga ega elektrikchi**
Filmdagi g‘alati tuyuladigan epizodlardan biri bosh qahramonning dugonasi erining, elektrikchi Nikolay (Boris Smorchkov) tomonidan Gosha (Aleksey Batalov) qidirilishi bo‘lsa kerak.
Syujetga ko‘ra, Vera Alentova ijro etgan Katerina Gosha uydan ketib qolgach, tushkunlikka tushadi. Uni dugonalari va qizi qo‘llab-quvvatlaydi. Nikolay esa ayollar ko‘z yoshlariga chiday olmay, Goshani izlashga otlanadi. Keyingi kadrdayoq u ko‘p millionli Moskvadan kerakli odamni bir necha daqiqada topib, uning kvartirasi eshigini taqillatib turgan bo‘ladi.
Elektrikchi Nikolayning g‘ayrioddiy deduktiv qobiliyatlarini muallifning badiiy to‘qimasi deb hisoblash mumkin. Ammo bu kartinani qisqartirish natijasidir. Gap shundaki, dastlab filmda yana bir personaj – KGB ofitseri ham bo‘lgan. Mualliflar g‘oyasiga ko‘ra, uning bosh qahramonning dugonasi Lyudmila (Irina Muravyova) bilan ishqiy munosabati bo‘lgan. Hatto uning kimyoviy tozalashdan kostyumini olib, Lyudochka bilan ma’noli nigoh to‘qnashtirgan sahnasi ham saqlanib qolgan.
Aynan shu odam o‘z xizmat aloqalarini ishga solib, sanoqli daqiqalarda Goshaning familiyasi va manzilini bilib beradi. Qolaversa, bosh qahramonlarni yarashtirish uchun suhbatni qanday to‘g‘ri qurish kerakligi haqida Nikolayga yo‘l-yo‘riq ham ko‘rsatadi.
**Ichkilikboz xokkeychi**
Ssenariyga kiritilgan o‘zgartirishlardan eng ko‘p jabr ko‘rgan film qahramoni Lyudmilaning sobiq eri Sergey Gurin (Aleksandr Fatyushin) bo‘ldi. Bir vaqtlar umidli xokkeychi bo‘lgan Gurin avval shon-shuhratidan, so‘ngra suyukli ayolidan ayrilib, asta-sekin ichkilikka ruju qo‘yadi. Faqatgina film so‘ngiga yaqin u tuzalish yo‘liga o‘tib, murabbiylik faoliyatini boshlaydi. Ammo dastlabki g‘oyaga ko‘ra, bu qahramonning taqdiri ancha boshqacha bo‘lishi kerak edi.
Xronometrajni qisqartirish maqsadida Gurin uchrashuv yulduziga aylanishi kerak bo‘lgan "Lujniki" sport majmuasidagi shvedlarga qarshi o‘yin filmdan olib tashlanadi. Aslida shu tariqa Lyudmila o‘z maqsadiga erishib, mashhur sportchiga turmushga chiqqan bo‘lardi. Biroq Fatyushinni qattiq xafa qilgan holda, uning qahramoni zafar quchadigan bu sahna filmdan chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, Gurin ishtirokidagi yakuniy epizod ham qayta ishlangan. Sobiq xokkeychi kostyum-shimda paydo bo‘lish o‘rniga, Buyanovlarning dala hovlisiga mast holda, shishadoshini ergashtirib kelishi kerak edi. Goskino sovet sportchisining bu qadar tubanlashishiga yo‘l qo‘ya olmasdi. Axir gap, garchi to‘qima bo‘lsa-da, milliy terma jamoa a’zosi haqida ketayotgandi.
**Kuylanmagan qo‘shiq**
Nikolayning ichkilikka berilib, o‘zini chetga olgan Gosha bilan suhbatining biroz uzunroq bo‘lishi ham mumkin edi. Terrorchilar tomonidan garovga olingan samolyot tegishli bo‘lgan aviakompaniyaning nomi olib tashlangan. Gap Air France haqida edi, biroq qandaydir mulohazalarga ko‘ra fransuz aviatashuvchisini tilga olmaslikka qaror qilingan. Shuningdek, qahramonlar leshch balig‘ini tozalab bo‘lgach, "Don bo‘ylab yosh kazak sayr qilar" qo‘shig‘ini kuylashlari kerak bo‘lgan. Ammo shusiz ham ancha cho‘zilgan filmda bundan-da muhimroq sahnalar bor edi, shu sababli kommunal kvartiradagi mast-alast qo‘shiq aytish sahnasidan voz kechishga to‘g‘ri kelgan.
**Sovetcha sovchilik**
Filmning ikkinchi qismida Katya nafaqat yolg‘iz ona va yirik kimyo kombinatining direktori, balki Moskva shahar Kengashi deputati hamdir. Har bir amaldor kabi u ham vaqti-vaqti bilan xalq bilan muloqot qilib turishi lozim. Biroq deputatlik xonasida saylovchilarni qabul qilish sahnasi Menshovga juda zerikarli tuyulgan va u bu lavhani olib tashlagan.
Buning o‘rniga rejissyor o‘z qahramonini tanishuvlar klubiga jo‘natadi. U yerda klub direktori Olga Pavlovna (Liya Axedjakova ijrosida) Katerinaga havas qilsa arzigulik bir kuyovni — boshqarmaning atigi 53 yoshli mas’ul xodimini maqtaydi. Ammo urinishi besamar ketadi.
**Ziyofat o‘rniga festival**
Lyudochka Moskvaga bir maqsad bilan keladi: o‘ziga badavlat er topish. Bu g‘ayratli qiz o‘z maqsadiga qat’iyat bilan intiladi. Bir payt u o‘zi va Katya uchun Argentinaning elchixonasidagi ziyofatga taklifnoma olishga muvaffaq bo‘ladi.
Filmning prokatga chiqqan versiyasida bu syujet chizig‘i yo‘q. Qizlar elchixona o‘rniga fransuz kinosi festivaliga borishadi, xorijlik diplomatlarga emas, sovet yulduzlari – Yumatov, Konyuxova va Smoktunovskiylarga tikilib qarashadi.

