Mahalliy

3 mingga yaqin kichik va mikro GES qurish rejasi jadallashtiriladi

O‘zbekistonda kichik va mikro GES tarmog‘ini kengaytirish rejasi qayta ko‘rib chiqilmoqda: rejalashtirilgan qariyb 3 mingta loyihaning hozircha 64 tasi ishga tushgan. Prezident sohada xususiy investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha vazifalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

O‘tgan yili qabul qilingan qarorga ko‘ra, xususiy sektor ishtirokida umumiy quvvati 164 megavatt bo‘lgan qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgan edi. Hozirga qadar 64 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 41,6 megavattni tashkil etadi. Bu belgilangan quvvatning atigi to‘rtdan bir qismi demakdir. Rejadagi 3 mingga yaqin loyihadan faqat 932 tasi bo‘yicha tashabbuskorlar aniqlangan. Jahon banki tomonidan ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli resurslardan foydalanish ham sust ketayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlar va investorlar stansiyalarni qurish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish shartlari bo‘yicha ko‘plab savollarga ega ekanligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan, auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, shuningdek, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi. Bu "nol" qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etib, investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoitlar yaratadi.

Shuningdek, 100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi. Qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish maqsadida kanal, daryo va o‘zanlar konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xo‘jaligi ob’yektlarida o‘z ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi.

Loyihalar uchun munosib joylarni aniqlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi raqamli platforma joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalash, qurish va foydalanish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanma hamda xususiy sektor ishtirokida loyihalarni amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Sohadagi yana bir dolzarb masala – importga yuqori darajada qaramlik. Hozirda kichik va mikro GESlar uchun zarur gidroagregat va butlovchi qismlarning 90 foizi chetdan olib kelinmoqda. Bu borada 46 ta kichik va mikro GES qurgan "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatining tajribasidan foydalanish, tadbirkorlarga loyihalash, qurilish-montaj ishlari va uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Mahalliylashtirish mumkin bo‘lgan agregat va butlovchi qismlarning aniq ro‘yxatini shakllantirib, ularni mamlakatimizda ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkor va investorlarga takliflar beriladi.

Daryo va kanallar tarmog‘ining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod. Taqdimotda betonlashtirilgan kanallarda kichik va mikro GESlar qurish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Mutasaddilarga bunday ob’yektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, qo‘shimcha loyihalar zaxirasini aniqlash vazifasi qo‘yildi.

Umuman, 2030-yilga qadar bunday stansiyalar quvvatini 204,8 megavattga yetkazib, yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu 350 mingta xonadonni "yashil" energiya bilan ta’minlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan kichik quvvatli "yashil" energetika yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Energetika korxonalari, jumladan, kichik gidroenergetika ob’yektlari talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida belgilanadi.

Davlat rahbari belgilangan loyihalarni jadallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, uskunalarni mahalliylashtirish va malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.