«24 soat kompyuter oʻyinlarini oʻynadim». Shaxmatchi Muhiddin Madaminov — Olimpiada oltiniga olib borgan yoʻl haqida
Muhiddin Madaminov shaxmatga 10 yoshida kirib kelgan, karantin paytida mashgʻulotlarni deyarli toʻxtatib qoʻygan va oʻz soʻzlariga koʻra, «24 soat kompyuter oʻyinlarini oʻynagan». Bir necha yildan soʻng u grossmeysterga aylandi, olimpiya terma jamoasiga kirdi va Samarqanddagi Olimpiadaning soʻnggi turida Oʻzbekistonga hal qiluvchi ochkoni taqdim etdi.

«24 soat kompyuter oʻyinlarini oʻynadim». Shaxmatchi Muhiddin Madaminov — Olimpiada oltiniga olib borgan yoʻl haqida
Grossmeyster Muhiddin Madaminov Samarqandda oʻtgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi gʻalabasining bosh qahramonlaridan biriga aylandi. Hal qiluvchi turda uning ukrainalik Roman Dextyarov ustidan qozongan gʻalabasi jamoaning Ukraina bilan uchrashuvdagi muvaffaqiyatini taʼminladi — 2,5:1,5. Shu bilan birga, oltin medal uchun Oʻzbekistonga durang ham kifoya qilardi, chunki Hindiston ham oʻz uchrashuvini durang bilan yakunlagan edi. Natijada terma jamoa oʻz tarixida ikkinchi bor olimpiada chempioni boʻldi.
Madaminov uchun bu Olimpiada birinchisi edi. U yettita partiya oʻynab, 5,5 ochko jamgʻardi va biror marta ham yutqazmadi.
19 yoshli Madaminovning soʻzlariga koʻra, u shaxmatga «ancha kech» — 10 yoshida kirib kelgan.
«2016 yil 5 fevralda birinchi marta shaxmat klubiga kelganman va oʻshandan beri shugʻullanishni boshlaganman. Shaxmat aynan mening sportim ekanini esa taxminan 2020 yilda, karantindan keyin tushunib yetganman», — dedi u.
Oʻshanda u bor eʼtiborini toʻliq shaxmatga qaratishga qaror qilgan.
«Karantin paytida menda juda katta hayotiy tanlov bor edi: shaxmatni tanlash va unga hayotimni, eʼtiborimni, vaqtimni va kuchimni toʻliq bagʻishlash. 2020 yilda men shu qarorga keldim va oʻshandan beri professional darajada shugʻullanib, oʻynayapman», — deb soʻzlab berdi sportchi.
Madaminov oilada kenja farzand va yagona oʻgʻil, uning ikkita opasi bor:
«2016−2017 yillarda onam meni doim shaxmatga olib borib, olib ketardilar. Onam men uchun eng katta motivatsiya va meni hammadan koʻp qoʻllab-quvvatlaydigan insondirlar».
Ota-onasi uni turli sport turlariga berishga harakat qilishgan, ammo jismoniy yuklamalardan keyin u tez-tez kasal boʻlib qolgan.
«Meni shaxmatga berishganda, u men uchun ham oʻyin, ham sport edi, shuning uchun juda qiziqib qoldim», — deb taʼkidladi grossmeyster.
2019 yilda Madaminov FIDE ustasi unvonini oldi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻshanda murabbiylar taxminan besh yildan keyin u grossmeyster boʻlishi mumkinligini aytishgan. Biroq pandemiya oʻzgartirishlar kiritdi.
«Keyin karantin boshlandi. Men shaxmat bilan shugʻullanishni butunlay toʻxtatdim. Birinchidan, nazorat yoʻq edi, ikkinchidan — motivatsiya. 24 soat faqat kompyuter oʻyinlarini oʻynadim».
2022 yilda Madaminov xalqaro usta, 2024 yilda esa grossmeyster boʻldi.
«Toʻgʻrisini aytsam, 2023 yilda ham grossmeyster boʻlishim mumkin edi, chunki reytingim bor edi. Lekin meʼyorlarni bajarish menga qiyin boʻldi», — deya tan oldi u.
Olimpiada oldidan Madaminov terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olish uchun kurashdi.
«Bu yil Olimpiada tarkibiga kirish uchun reytingni oshirish va reyting boʻyicha oʻtish kerak edi. Va men „hozir reyting qoʻshaman“ degan fikr bilan oʻynagan barcha turnirlarimda yomon oʻynadim. Buni qabul qilib, shunchaki oʻzimga yoqqani uchun oʻynashni boshlaganimda, hamma narsa oʻzgardi. Shaxmatning oʻzi — sport va juda ajoyib oʻyin. Shunchaki undan zavqlanish va zavq bilan oʻynash kerak», — dedi sportchi.
Yakunda Madaminov Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev va Shamsiddin Vohidovlar bilan birgalikda Oʻzbekiston terma jamoasining Olimpiada tarkibiga kirdi.
Peruda oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida birinchi oʻrinni egallaganidan soʻng, Madaminov Javohir Sindarov bilan birga Germaniyaga oʻquv-mashgʻulot yigʻiniga bordi.
«Peruda jahon chempioni boʻlganimdan keyin va turnir tugagach, Javohir aka: „Germaniyaga boraylik, yigʻin oʻtkazamiz“, dedilar. Ular meni tez-tez oʻzlari bilan chaqirib turadilar. Oʻsha yigʻinga ham taklif qildilar».
U yerda Madaminov Sindarovga tayyorgarlikda yordam bera boshladi.
«Men Javohir akaga oz-moz yordam berishni boshladim. Chetdan kuzatayotgan odam doim koʻp narsani biroz boshqacharoq, baʼzan esa jarayon ichida boʻlgan odamdan koʻra koʻproq koʻradi. Bu men uchun boshqacha qarashni ochdi», — deb taʼkidladi u.
«Javohir aka yutganlaridan keyin va prezident ularga qoʻngʻiroq qilib, tabriklaganlaridan soʻng, Oʻzbekistonda shaxmat juda ommalashib ketdi. Odamlar shaxmatchilarni taniy boshladi. Menimcha, bu juda muhim», — dedi 19 yoshli grossmeyster.
Turnir boshlanishidan oldin Madaminov uydagi Olimpiada u uchun alohida voqea boʻlishini aytgan edi.
«Bu mening birinchi Olimpiadam va uning Oʻzbekistonda oʻtayotgani men uchun katta faxr. Biroz bosim va katta masʼuliyat bor. Bizda hamma narsa yetarli. Ayta olamanki, jamoadagi har bir inson terma jamoa uchun bor kuchini berishga va oxirigacha kurashishga tayyor».
«Hayotda keyin nima boʻlishini bilmayman. Lekin bir narsani aniq bilaman: shaxmat men uchun eng sevimli mashgʻulot va mening sport turimdir».

