2028-yildan muammoli bank aktivlariga yangi maqom beriladi
Oʻzbekistonda banklar, jumladan mikromoliya va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda aktivlar sifatini tasniflash hamda ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirishning yangi tartibi belgilandi. Aktivlar xavf darajasiga qarab besh toifaga ajratiladi va ular uchun 1 foizdan 100 foizgacha zaxira meyorlari qoʻllanadi.

2028-yildan muammoli bank aktivlariga yangi maqom beriladi
Adliya vazirligi banklarda aktivlar sifatini tasniflash, aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Hujjat 2026-yil 10-sentabrda 3937-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Yangi tartib banklar, shu jumladan mikromoliya banklari va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga tatbiq etiladi.
Hujjatga koʻra, bank aktivlari sifati «standart», «substandart», «qoniqarsiz», «shubhali» va «umidsiz» toifalarga ajratiladi.
Ular boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun mos ravishda 1, 10, 25, 50 va 100 foiz miqdorida zaxira shakllantiriladi. Yaʼni aktiv sifati yomonlashgani sayin bank ajratishi kerak boʻlgan zaxira hajmi ham ortib boradi.
Aktivlarni tasniflashda obyektiv mezonlar hamda toʻlov ehtimoli pastligini koʻrsatuvchi mezonlar qoʻllaniladi. Agar ushbu mezonlar asosidagi baholash natijalari bir-biridan farq qilsa, aktiv yomonroq toifaga kiritiladi.
Shuningdek, banklar, nobank kredit tashkilotlari, sugʻurta va lizing tashkilotlariga berilgan aktivlarni tasniflash uchun alohida mezonlar belgilangan.
Restrukturizatsiya qilingan aktivlarning sifat toifasini yaxshilash uchun belgilangan talablar bajarilishi va aktivga qarab kamida 6 yoki 12 oylik sinov davri oʻtishi talab etiladi.
Banklar aktivlar boʻyicha shakllantirilgan zaxiralarni kamida har oyda bir marta qayta koʻrib chiqishi kerak boʻladi.
2028-yil 1-yanvardan boshlab muammoli aktivlarga «foizlarni oʻstirmaslik» maqomi beriladi. Bunday aktivlar boʻyicha hisoblangan, ammo amalda olinmagan foizlar va boshqa daromadlar balansdan tashqari hisobvaraqlarda hisobga olinadi.
Shu bilan birga, aktivning zaxira hisobidan balansdan tashqari hisobvaraqqa oʻtkazilishi yoki hisobdan chiqarilishi qarz oluvchining qarz majburiyati bekor qilinganini anglatmaydi.

