2027 yildan Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash tizimi oʻzgaradi
Oʻzbekistonda 2027 yildan boshlab davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash tizimi oʻzgaradi. Lavozim maoshlari lavozim darajasi va ish stajini hisobga olgan holda yagona tarif setkasi boʻyicha hisoblanadi. Qoʻshimcha ravishda malaka darajasi, KPI va bonuslar uchun toʻlovlar nazarda tutilgan.

2027 yildan Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash tizimi oʻzgaradi
2027 yil 1 yanvardan Oʻzbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlashning yangi tizimi amal qila boshlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni «Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi tegishli farmonni imzoladi.
Yangi tizim 95 ta davlat organi va tashkilotini — Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va vazirliklardan tortib qoʻmitalar, agentliklar va hokimliklargacha qamrab oladi.
Hujjatda islohotning toʻrtta asosiy vazifasi belgilangan: davlat xizmatida mehnatga haq toʻlashning raqobatbardoshligini oshirish, uni shakllantirishning tushunarli qoidalarini joriy etish, shtatdagi xodimlarni byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan taʼminlashdan voz kechish hamda davlat xizmatchilarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishning «munosib darajasi»ni taʼminlash.
1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash fondi toʻrtta asosiy qismdan iborat boʻladi:
Lavozim maoshi miqdori tasdiqlangan tarif setkasi asosida hisoblanadi. Buning uchun har bir lavozimga razryad, har bir razryadga esa tarif koeffitsiyenti beriladi. U, jumladan, davlat xizmatidagi ish staji davomiyligiga bogʻliq boʻladi.
Ish stajining oltita bosqichi nazarda tutilgan: 3 yilgacha, 3 yildan 6 yilgacha, 6 yildan 10 yilgacha, 10 yildan 15 yilgacha, 15 yildan 20 yilgacha va 20 yildan ortiq. Shu tariqa, koʻp yillik xizmati uchun alohida toʻlovlarning amaldagi mexanizmi haqiqatda katta stajga ega xodimlar uchun yuqoriroq tarif koeffitsiyenti bilan almashtiriladi.
Lavozimlar davlat organining darajasiga qarab razryadlar boʻyicha taqsimlangan.
Lavozim maoshi miqdori tarif koeffitsiyenti va qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Maoshdan tashqari, davlat xizmatchilariga malaka darajasi (rangi) uchun ustamalar hisoblanadi.
Farmon bilan xodimning malaka darajasiga qarab lavozim maoshining 2 foizidan 20 foizigacha miqdorda qoʻshimcha toʻlovlar belgilandi. Xususan, oliy malaka darajasi uchun 20 foiz, birinchi darajali mutaxassis uchun — 17 foiz, ikkinchi darajali — 15 foiz, uchinchi darajali — 12 foiz miqdorida ustama nazarda tutilgan.
Ish haqining yana bir qismi ish natijalariga bogʻliq boʻladi.
Eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) erishilganda, davlat fuqarolik xizmatchisiga har oyda lavozim maoshining 25 foizigacha miqdorda ustama toʻlanishi mumkin.
Tasdiqlangan shkalaga koʻra, reyting 100 balldan yuqori boʻlganda ustama miqdori maoshning 25 foizigacha, natija 85 balldan 100 ballgacha boʻlganda — 20 foizgacha, 70 balldan 85 ballgacha boʻlganda — 15 foizgachani tashkil etadi. Natija 70 balldan past boʻlganda KPI-ustamasi nazarda tutilmaydi.
Samaradorlikni baholash metodikasini ishlab chiqish Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligiga topshirildi. Asosiy koʻrsatkichlar qatorida davlat organining funktsiya va vazifalari bajarilishi natijalari, ijro va mehnat intizomi, shuningdek, xarajatlarni tejashga qaratilgan tashabbus va takliflar hisobga olinishi kerak.
Bonus toʻlovlari fondi alohida shakllantiriladi. Buning uchun har yili xodimlarning malaka darajasi uchun toʻlovlarni hisobga olgan holda bir oylik lavozim maoshi miqdorida mablagʻ nazarda tutiladi.
Ushbu fonddan lavozim majburiyatlari, alohida topshiriqlar va murakkab vazifalarni sifatli bajarganlik uchun shaxsiy ustamalar va mukofotlar, ish vaqtidan tashqari, dam olish va bayram kunlaridagi ishlar uchun kompensatsiyalar, shuningdek, ish yoki hisobot davri yakunlari boʻyicha ragʻbatlantirishlar toʻlanishi mumkin boʻladi.
Bonuslarni taqsimlashda, jumladan, murakkab vazifalarning bajarilishi, ilgʻor axborot texnologiyalari, shu jumladan sunʼiy intellektning joriy etilishi, kasbiy malakaning oshirilishi va xalqaro sertifikatlar olinishi, shuningdek, oʻlchanadigan iqtisodiy natija bergan innovatsion yondashuvlarning joriy etilishini hisobga olish taklif etilmoqda.
Muayyan xodimga beriladigan bonus miqdori uning faoliyati natijasi va fonddagi mavjud mablagʻlardan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bonus toʻlovining cheklangan miqdori farmonda belgilanmagan.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligi bilan birgalikda 1 noyabrga qadar davlat xizmatchilarining KPI koʻrsatkichlari va tegishli ustamalarini avtomatik tarzda hisoblab chiquvchi maxsus dasturiy majmuani ishlab chiqish topshirildi.
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2027 yil 1 martga qadar davlat fuqarolik xizmatchilariga kirmaydigan, ammo davlat organlari va idoraviy tashkilotlarda ishlaydigan xodimlar mehnatiga haq toʻlash tariflarini belgilash tartibini tayyorlashi lozim.
Avgust oyi boshida Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari (54 ming kishi) mehnatiga haq toʻlashning yagona, shaffof va natijaga asoslangan tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani maʼlum boʻlgan edi. Prezident huzuridagi taqdimotda bir xil lavozimdagi va oʻxshash funktsiyalarni bajaradigan xodimlar mehnatiga haq toʻlashda sezilarli farq borligi aytilgan edi.

