2026-yilning eng go‘zal ayoli Joheyri Mola oddiy hayotda qanday ko‘rinadi?

2026-yilning eng go‘zal ayoli Joheyri Mola oddiy hayotda qanday ko‘rinadi?
2026-yil 5-sentyabr kuni Vyetnamning Nyachang shahrida 73-marta o‘tkazilgan “Dunyo go‘zali” tanlovi yakuniga yetdi. Dunyo bo‘ylab yig‘ilgan yuzdan ortiq ishtirokchini ortda qoldirgan Dominikan Respublikasi vakili, 24 yoshli Joheyri Mola Dominges g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni ispaniyalik Elizabet Reynes, uchinchi o‘rinni esa Malayziya vakili Taanusiya Chetti egalladi.
Dominikan Respublikasi uchun bu yutuq tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi — mamlakat 1982-yilda Mariasela Alvares g‘alabasidan 44 yil o‘tib, “Dunyo go‘zali” unvonini ikkinchi bor qo‘lga kiritdi. Bungacha dominikanlik qizlar ikki marta vitse-miss bo‘lishgan: 2004-yilda Klaudiya Kruz va 2016-yilda Yaritsa Reyes.
Joheyri Santo Domingoda tug‘ilib o‘sgan. Uning kasbiy yo‘li faqat modellik bilan cheklanmaydi. U Ibero-Amerika universitetida (UNIBE) biznes boshqaruvi bo‘yicha ilmiy daraja olgan.
Mola adabiyot va ijtimoiy fanlar o‘qituvchisi sifatida ishlaydi va darslarni ingliz tilida olib boradi. Tanlov tashkilotchilariga ko‘ra, uning pedagogik faoliyatida o‘quvchilarning tanqidiy fikrlashini va har tomonlama rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash markaziy o‘rin tutadi.
2026-yil mart oyida u Dominikan Respublikasining eng yirik ko‘ngilochar tadbirlaridan biri bo‘lgan Premios Soberano marosimida Univision’ning jonli efir muxbiri bo‘lib ishlagan. O‘sha yilning may oyida esa bolalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari uchun qariyb 25 million dollar yig‘gan YUNISEF telemarafonini yoritishda qatnashdi.
Joheyrining g‘alabaga eltgan yo‘li 2025-yilda, Nasonal okrugi nomidan qatnashib, “Dominikan Respublikasi go‘zali” bo‘lgan paytda boshlangan. Vyetnamdagi tanlovda u Amerika va Karib havzasi ishtirokchilari orasida “Top Model” mintaqaviy bosqichida g‘olib chiqib, darhol ajralib chiqdi va bu unga kuchli 40 talikdan joy olish imkonini berdi.
Keyin top-20, top-12 va nihoyat, Ispaniya, Malayziya, Vyetnam, JAR hamda Eritreya vakilalari ishtirok etgan top-6 bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Finalda Molaga Amerika va Karib havzasi mintaqasiga vakillik qilish uchun zarur bo‘lgan asosiy fazilatlar haqida savol berildi. U to‘siqlarni yengib o‘tishdan qo‘rqmaydigan, jismoniy go‘zallik eng muhim narsa emasligini va har bir insonning hayotdagi maqsadi doimo uning o‘zidan muhimroq ekanini anglaydigan ayol obrazini ko‘rsatmoqchi ekanini aytdi.
Joheyri tojni o‘tgan yilgi g‘olib — Tailand vakili Opal Suchata Chuangsri qo‘lidan qabul qilib oldi. Endi u bir yil davomida “Dunyo go‘zali” vazifalarini bajarishi, xalqaro tadbirlarda tanlovni namoyish etishi hamda ta’lim va ijtimoiy sohadagi missiyasini davom ettirishi kerak.

