2026 yilgi Xitoy-Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi Toshkentda bo‘lib o‘tadi
Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi tomonidan tashkil etilayotgan 2026 yilgi Xitoy-Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi

2026 yilgi Xitoy-Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi Toshkentda o‘tkaziladi
Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan 2026 yilgi Xitoy-Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi 14–16 oktyabr kunlari Toshkent ko‘rgazmalar markazida tantanali tarzda bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir 2025 yilda ilk bor o‘tkazilgan ko‘rgazma muvaffaqiyatidan keyin O‘zbekistonda ketma-ket ikkinchi yil tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda ishbilarmonlik aloqalari uchun ixtisoslashgan, yuqori darajadagi platforma yaratish, ikki tomon sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi kooperatsiya va savdo hamkorligini rivojlantirishdan iborat.
2026 yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganiga o‘n yil to‘ladi. Shu yil, shuningdek, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori sifatli rivojlantirish maqsad qilingan. 31 avgust kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi doirasida ikki mamlakat rahbarlari Xitoy–O‘zbekiston munosabatlarining yangi “oltin o‘n yilligi”ni birgalikda yaratish yuzasidan muhim kelishuvga erishdilar. Ayni paytda ikki davlat “Xitoy–Markaziy Osiyo ruhi”ni dasturilamal qilib, ochiqlik, bag‘rikenglik, hamkorlik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga amal qilmoqda hamda savdo aloqalarini erkinlashtirish, sanoatga investitsiyalar kiritish va yashil taraqqiyot kabi yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlarini izchil kengaytirmoqda. Bularning barchasi mazkur ko‘rgazma uchun mustahkam zamin yaratdi.
Joriy yilgi ko‘rgazma ilk ko‘rgazmaning muvaffaqiyatli tajribasi asosida yanada takomillashtirilmoqda. Xitoy va O‘zbekiston sanoat tarmoqlarining bir-birini to‘ldiruvchi jihatlari hisobga olinib, asosiy e’tibor sanoatni avtomatlashtirish va robototexnika, yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar hamda ularning ehtiyot qismlari, sun’iy intellekt kabi dolzarb yo‘nalishlarga qaratiladi. Ko‘rgazma mazmunan boy va o‘ziga xos bo‘lib, uning uchta asosiy jihati quyidagilardan iborat.
Birinchidan, ko‘rgazmaning sifati va samaradorligi izchil oshirilmoqda, ekspozitsiya hududlarining joylashuvi esa sanoat rivojlanishi tendensiyalariga moslashtirilmoqda. Bu yil yopiq ko‘rgazma maydoni 4 000 kvadrat metrni tashkil etadi, bundan tashqari, 800 kvadrat metrlik ochiq ko‘rgazma maydoni ajratiladi. Ishtirokchi korxonalar Xitoyning 19 ta provinsiyasi, avtonom rayoni va markazga bevosita bo‘ysunuvchi shaharlaridan keladi. Ko‘rgazmada aqlli ishlab chiqarish, yashil energetika, iste’mol elektronikasi, xizmatlar savdosi va yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi transport vositalari bo‘yicha beshta ixtisoslashtirilgan ekspozitsiya hududi tashkil etilib, yangi sifatli ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish borasidagi eng so‘nggi yutuqlar namoyish qilinadi. Ular O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida iqtisodiy taraqqiyot hamda sanoatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlariga bevosita mos keladi.
Shuningdek, ilk bor “Imkoniyatlar Xitoyi” nomli Xitoyning milliy qiyofasini namoyish etuvchi maxsus ekspozitsiya tashkil etiladi. Unda Xitoyning yuqori darajadagi tashqi ochiqlik borasidagi yutuqlari, mamlakat hududlaridagi qulay ishbilarmonlik muhiti va ilg‘or aqlli texnologiyalar namoyish etiladi. Bundan tashqari, Xitoyning an’anaviy madaniyatiga bag‘ishlangan interaktiv tajriba hududi tashkil etilib, tashrif buyuruvchilarga mashg‘ulotlarda bevosita ishtirok etish imkoniyati taqdim qilinadi. Shu tariqa “ko‘rgazmani tomosha qilish – eksponatlardan zavqlanish – interaktiv tajribada ishtirok etish”ni birlashtirgan immersiv tashrif muhiti yaratiladi.
Ikkinchidan, ko‘rgazmada yetakchi korxonalar jamlanib, ilg‘or innovatsion yutuqlar bir joyda namoyish etiladi. Ishtirok etish uchun Xitoyning qariyb 200 ta yuqori salohiyatli korxonasi tanlab olingan bo‘lib, ular orasida ixtisoslashgan, takomillashgan, o‘ziga xos va innovatsion korxonalar hamda yuqori texnologiyali korxonalar ulushi 30 foizdan oshadi. Ishtirokchilar qatoridan CAMCE, Yonyou Network va Focus Technology kabi o‘z sohasida yetakchi kompaniyalar, shuningdek, Lanxin Robotics, Zhengzhou City Unites Steel Industrial Co., Ltd. va LAISAI kabi alohida ixtisoslashgan yo‘nalishlarda yetakchi korxonalar o‘rin olgan.
Sun’iy intellekt ilovalari, energiyani saqlash tizimlari va transchegaraviy elektron tijorat xizmatlari kabi ilg‘or sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar ulushi avvalgi ko‘rgazmaga nisbatan sezilarli darajada oshgan. Ular Xitoy korxonalarining texnologik innovatsiyalar, yashil va kam uglerodli rivojlanish hamda raqamli transformatsiya borasidagi eng yangi yutuqlari va ilg‘or namunalarini namoyish etadi. Bu Xitoy sanoatining asosiy raqobatbardoshligini yaqqol ko‘rsatish bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sanoat tizimini takomillashtirishda yordam beradi.
Uchinchidan, ko‘rgazma doirasidagi tadbirlar amaliy mazmunga boy bo‘lib, talab va taklifni aniq bog‘lashga xizmat qiladi. Ko‘rgazma mahsulotlarni namoyish etish, ishbilarmonlik muzokaralari, xizmatlar bilan tanishish va texnologiyalar almashinuvini birlashtirgan kompleks xalqaro hamkorlik platformasi sifatida tashkil etilmoqda. Uning amaliy samaradorligini oshirish maqsadida Xitoy–O‘zbekiston investitsiyaviy hamkorlik forumi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus muzokaralar uchrashuvlari va korxonalar o‘rtasidagi B2B formatidagi hamkorlik muzokaralari kabi qator tadbirlar o‘tkaziladi. Xitoyning Shensi, Shinjon va boshqa hududlaridan kelgan savdo-iqtisodiy delegatsiyalar alohida savdo-iqtisodiy taqdimot uchrashuvlarini tashkil etib, talab va taklif tomonlari o‘rtasidagi chuqur muloqot hamda aniq yo‘naltirilgan hamkorlik muzokaralariga ko‘maklashadi.
Ko‘rgazma ikki tomonlama ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan holda savdo, investitsiya va sanoat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Mazkur ko‘rgazma Xitoy korxonalari uchun Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishning muhim yo‘li bo‘lish bilan birga, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari korxonalari uchun Xitoyni yaqindan bilish hamda hamkorlik imkoniyatlarini izlashning muhim platformasidir. Ko‘rgazma amaliy hamkorlik uchun ko‘p qirrali ko‘priklar yaratib, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga kuchli turtki beradi, ikki mamlakat munosabatlarining yangi “oltin o‘n yilligi”ni birgalikda yaratishga ko‘maklashadi.

