Mahalliy

2025-yilda maktab va bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 122 ta holat aniqlangan — senator

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgani uchun javobgarlikka tortilgan ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlarini ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish mumkin bo‘ladi. Senator Pokiza Axmedjanovaga ko‘ra, 2025-yilda maktab va bog‘chalarda shu kabi 122 ta holat aniqlangan.

2025-yilda maktab va bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 122 ta holat aniqlangan — senator

O‘zbekistonda ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgani uchun javobgarlikka tortilsa, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin bo‘ladi. Bu o‘zgarish Senat tomonidan 2-oktabr kuni ma’qullangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.

Senator Pokiza Axmedjanovaning aytishicha, Mehnat kodeksining 161-moddasiga kiritilayotgan ushbu tuzatish ta’lim tizimi xodimlarining mas’uliyatini oshirish va bolalar xavfsizligi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan.

U keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2025-yilning o‘zida ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq 122 ta holat aniqlangan. Shundan 38 tasi bog‘chalarda, 84 tasi esa maktablarda sodir bo‘lgan.

“Endilikda ta’lim yoki tarbiya muassasasi xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan bekor qilinadi. Bu ta’lim va tarbiya maskanlarini noloyiq shaxslardan tozalash va bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishning huquqiy kafolatidir”, — dedi senator.

Qonun, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga o‘zgartirishlar kiritishni ham ko‘zda tutadi.

Javobgarlik ota-onalar zarur imkoniyat va bilimlarga ega bo‘la turib, bolaning asosiy ehtiyojlarini qasddan qondirmagan va bu uning salomatligi yoki rivojlanishining buzilishiga olib kelgan holatlarda belgilanadi.

Axmedjanovaning so‘zlariga ko‘ra, bu norma ota-onalarning bolalarni zarur darajada parvarishlash bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 198−10-modda ham qo‘shilmoqda. Unga ko‘ra, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorlarini bajarmaganlik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarga jarima qo‘llanadi.

Senatorning ta’kidlashicha, ushbu chora joylarda bolalarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi komissiyalar qarorlarining samaradorligini oshirishi kerak.

Yana bir tuzatish tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan shaxslar murojaatlarining maxfiyligiga taalluqli.

Murojaat qiluvchining iltimosiga ko‘ra, yozma javob uning yashash manziliga yuborilmasligi mumkin bo‘ladi. Axmedjanovaning aytishicha, bu xotin-qizlar va bolalarga nisbatan takroriy zo‘ravonlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Tuzatishlarda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish, so‘roq jarayonini videoga olish, zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning bolalar bilan ishlashini cheklash va boshqa o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.