2 500 so‘mlik tarif: jamoat transportidagi o‘zgarishlar shahar iqtisodiyoti va yo‘lovchi uchun nimani anglatadi?

2 500 so‘mlik tarif: jamoat transportidagi yangiliklar shahar iqtisodiyoti va yo‘lovchilar uchun nimani anglatadi?
Amaldagi 1 700 so‘mlik tarif 2023-yil noyabridan beri o‘zgarmagan edi. Ammo so‘nggi yillarda shahar transport tizimining sezilarli kengayishi va resurslar narxining oshishi yangi iqtisodiy yondashuvni zarur qilib qo‘ymoqda. Bugungi kunda poytaxtda avtobuslar soni 1 900 taga yaqinlashdi, kunlik yo‘lovchi oqimi esa 2,5 million kishini tashkil etadi.
Tizim kengaygani sayin uni saqlash xarajatlari ham tabiiy ravishda oshdi: yoqilg‘i, ehtiyot qismlar, elektr energiyasi va xodimlar maoshi uchun ketadigan mablag‘lar ko‘paydi. Xususan, so‘nggi davrda tizim iste’mol qiladigan elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1100 so‘mga, ya’ni 22,2 foizga, gaz quyish shoxobchalarida (AGTKSH) metan gazi narxi esa 1800 so‘mdan 2750 so‘mga, ya’ni birdaniga 52,7 foizga qimmatlashdi. Shu sharoitda amaldagi tarif xarajatlarning faqat bir qismini qoplayapti, xolos. Hozir asosiy moliyaviy yuk budjet subsidiyalari zimmasida qolmoqda.
Vazirlik munosabatida qayd etilganidek, tarif islohoti faqat raqamlarning o‘zgarishi emas, balki tashuvchilar oldiga qat’iy talablar qo‘yish mexanizmidir. Loyihada ko‘zda tutilgan 2 500 so‘mlik elektron tarif evaziga yo‘lovchilar qatnovlarning aniq vaqtida kelishi, salonlar tozaligi va xizmat ko‘rsatish madaniyati yaxshilanishini kutishga haqli.
Shu bilan birga, yangi abonementlar va transport turlari o‘rtasidagi almashish tariflari doimiy yo‘lovchilarning xarajatlarini muvozanatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hujjat 19-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi va yakuniy qaror kelib tushgan takliflar asosida shakllantiriladi.

