18 yoshigacha o‘qish-yozishni bilmagan Kembrij sobiq professori plagiat ayblovlaridan so‘ng o‘lik holda topildi

Kembrijning sobiq professori, 18 yoshigacha o‘qish-yozishni bilmagan Jeyson Ardey plagiat ayblovlari ortidan Londondagi uyida o‘lik holda topildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
41 yoshli Ardey 14-avgust kuni Londonning Battersea tumanidagi uyida hushsiz holatda topilgan. Tez yordam xodimlari uning vafot etganini tasdiqlagan. Politsiya o‘limni kutilmagan holat sifatida tekshirmoqda, ammo hozircha jinoyat alomatlari aniqlanmagan.
Ardeyga uch yoshida autizm tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, u 11 yoshigacha gapira olmagan va 18 yoshigacha o‘qish hamda yozishni bilmagan. Keyinchalik u doktorlik darajasini olgan va 2023-yilda Kembrij universiteti tarixidagi eng yosh qora tanli professorga aylangan edi. U ta’lim sotsiologiyasi professori lavozimida faoliyat yuritgan.
So‘nggi haftalarda olimning ilmiy ishlari jiddiy tanqid ostiga olingan. The Times va boshqa nashrlar uning doktorlik dissertatsiyasida boshqa tadqiqotchilar ishlariga o‘xshash ko‘plab parchalar borligi haqida yozgan. The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, Ardeyning dissertatsiyasi va boshqa bir ilmiy ish o‘rtasida 100 dan ortiq o‘xshash parcha topilgan.
Ardey plagiat qilganini rad etgan. U doktorlik ishida ayrim xatolarga yo‘l qo‘yganini tan olgan, biroq ularning ataylab qilinmaganini aytgan. Unga doktorlik darajasini bergan Liverpool John Moores University tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ham plagiat aybi tasdiqlanmagan, ayrim kamchiliklar “halol va asosli xato” natijasi bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Shunga qaramay, Kembrij universiteti Ardeyning 2022-yilda Ta’lim fakultetiga ishga qabul qilinishi va keyingi faoliyati bo‘yicha alohida tekshiruv boshlagan. Olim esa 5-avgust kuni lavozimidan iste’foga chiqqan edi.
Uning ilmiy ishlaridan tashqari, tarjimai holida keltirilgan ayrim ma’lumotlar, jumladan, xayriya uchun millionlab funt mablag‘ to‘plagani va sport yutuqlari haqidagi da’volari ham savol ostiga olingan.
Ardeyning oilasi uning vafotidan keyin tarqatgan bayonotida olim so‘nggi yillarda “noto‘g‘ri ma’lumotlar, haqorat va ta’qiblar kampaniyasi”ga duch kelganini bildirgan. Oila a’zolari bu bosim unga jiddiy ta’sir qilganini ta’kidlagan.

