1600 dan ortiq nom: YEI Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar boʻyicha kelishib oldi
Yevropa Ittifoqi tez orada Rossiyaga qarshi sanksiyalar roʻyxatiga 1646 ta yangi nomni kiritadi. Bular orasida sentabr oyida Ukrainaning bosib olingan hududlarida oʻtkazilgan Davlat Dumasi saylovlarida nomzod boʻlgan 77 nafar deputat ham bor.

1600 dan ortiq nom: YEI Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar boʻyicha kelishuvga keldi
Bu qaror Yevropaga qarshi gibrid xurujlar xavotirli darajada kuchaygani sharoitida qabul qilindi, deb xabar berdi Euronews.
7-oktabr kuni Bryusselda elchilar erishgan kelishuv Moskvaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinini qo‘llab-quvvatlashda ayblanayotgan 743 nafar jismoniy shaxs va 826 ta tashkilotga tegishli.
Elchilar bir necha haftalik muhokamalar va yuridik tekshiruvlardan keyin kelishuvga erishdi. Nomlar soni juda ko‘pligi sababli tekshiruv jarayoni ayniqsa qizg‘in kechdi. Tashqi ishlar vazirlari Lyuksemburgda yig‘ilgach, kelishuv rasman tasdiqlanadi. Shundan so‘ng sanksiya qo‘llangan shaxslar va tashkilotlar ro‘yxati ommaga e’lon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, sanksiyalar kirishni taqiqlash, aktivlarni muzlatish va moliyaviy resurslar ajratishni man etishni nazarda tutadi. Ta’kidlanishicha, YEI a’zo davlatlari ketma-ket yuz berayotgan hamda ayrimlari Rossiya tomonidan uyushtirilgani aytilayotgan gibrid xurujlar fonida birdamlik ko‘rsatish maqsadida kelishuvni tezroq yakunlashga intilgan.
Germaniyaning Leypsig aeroportidagi dron bilan bog‘liq hodisadan keyin yangi sanksiyalar ro‘yxati ustidagi ishlar allaqachon boshlangan.
«Mamlakatlar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi kerak bo‘lgan nomlarni taklif qilishda erkin. Biroq yakuniy qarorni baribir YEI davlatlari qabul qiladi», – dedi YEI Oliy vakili Kaya Kallas.

