Iqtisodiyot

160 mlrd dollarlik yoʻqotish. Nega ultra boylar Buyuk Britaniyani ommaviy ravishda tark etyapti?

Buyuk Britaniya oʻta badavlat insonlar uchun oʻz jozibadorligini yoʻqotyapti. Soʻnggi ikki yilda mamlakatdan chiqib ketgan yoki aloqalarini qisqartirgan milliarderlarning umumiy boyligi 160 mlrd dollarga baholanyapti. Ommaviy koʻchish soliq imtiyozlarining bekor qilinishi va biznes muhitining ogʻirlashishi bilan bogʻliq.

160 mlrd dollarlik yoʻqotish. Nega ultra boylar Buyuk Britaniyani ommaviy ravishda tark etyapti?

Buyuk Britaniyani tark etayotgan ultra boylar mamlakat uchun «160 milliard dollarlik muammo»ga aylangan.

2024-yilda Leyboristlar partiyasi hokimiyatga kelganidan beri badavlat qatlamga qaratilgan soliq siyosatidagi oʻzgarishlar Londonning global moliyaviy markaz sifatidagi mavqeiga tobora jiddiyroq zarar yetkazmoqda. Oʻta boylarga foyda bergan imtiyozlarning bekor qilinishi va yangi cheklovlar joriy etilishi mumkinligi haqidagi uzluksiz muhokamalar hukumat bilan elita orasidagi munosabatlarni keskinlashtirdi. Shu bilan birga, mamlakat biznes yuritish uchun avvalgidek qulay emas, degan qarash shakllandi.

«Hozir sodir boʻlayotgan voqealar - haqiqiy falokat. Millionerlar, milliarderlar va investitsiya jalb qiladigan ijobiy muhit yaratish oʻrniga, buning teskarisini qilyapmiz», deydi Britaniyaning Phones 4u telefon savdo tarmogʻi asoschisi, milliarder Jon Koduell.

Buyuk Britaniya tarixan boylik toʻplash va uni koʻpaytirishda oʻz imkoniyatlaridan samarali foydalangan. UBS Group AG maʼlumotlariga koʻra, mamlakat dollar millionerlarining soni boʻyicha dunyoda beshinchi oʻrinda turadi. Xususan, bu yerda 2,4 milliondan ortiq millioner yashaydi.

Boylarning chiqib ketishi iqtisodiyot uchun aniq oqibatlarga ega. Hukumat maʼlumotlariga koʻra, Buyuk Britaniyada eng koʻp daromad topadigan aholining 1 foizi jami daromad soligʻi tushumlarining qariyb 27 foizini toʻlaydi. Ular mamlakatni tark etishi bilan birga katta miqdordagi xarid qobiliyatini ham olib chiqib ketadi.

Koʻchib ketganlar roʻyxatidagi shaxslarning aksariyati oʻzlariga tegishli boylikning asosiy egasi hisoblanadi. Baʼzilari esa Billionaires Index tomonidan kuzatiladigan boy oila vakili sifatida koʻrsatilgan. Bu guruhdagi oʻta boy insonlarning yarmi Monako, Shveysariya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan qoʻnib topishgan.

Leyboristlarning soliq islohotidagi asosiy oʻzgarishlardan biri non-dom rejimining bekor qilinishi boʻldi. Bu tartib ayrim shartlar asosida xorijdan olingan daromadlar uchun 15 yilgacha Britaniyada soliq toʻlamaslik imkonini berardi. Hukumat, shuningdek, meros soligʻi hamda xususiy bozorlardagi investitsiyalarni boshqaruvchi mutaxassislar daromadlariga solinadigan soliqlarni ham oshirdi.

Qirollikdan chiqib ketayotganlarning aksariyati xorijliklar boʻlib, ularning koʻpchiligi mamlakatga soʻnggi yillarda kelgan va bu yerga chuqur bogʻlanib ulgurmagan. Biroq Gretsiyaga koʻchib ketgan xej-fond boshqaruvchisi Kris Rokos Buyuk Britaniyada tugʻilgan va mamlakatning eng yirik soliq toʻlovchilaridan biri boʻlgan. Bu esa «Butun umri Buyuk Britaniya bilan bogʻliq boʻlgan, shu mamlakatda tugʻilib oʻsgan mahalliy boy qatlam ham mamlakatni tark eta boshlayaptimi?» degan savolni kun tartibiga olib chiqyapti.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.