Dunyo

150-yilda dunyoning eng yirik shaharlari qanday o‘zgaradi?

Dunyodagi eng yirik shaharlar reytingi keyingi o‘n yilliklarda sezilarli o‘zgarishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2100-yilga borib Bangladesh poytaxti Dakka qariyb 55 mln aholi bilan birinchi o‘rinni egallaydi. Jakarta va Karachi keyingi o‘rinlardan joy oladi, uzoq yillar yetakchilik qilgan Tokio esa to‘qqizinchi pog‘onaga tushishi mumkin.

**150 yilda dunyoning eng yirik shaharlari qanday o‘zgaradi?**

Visual Capitalist tomonidan taqdim etilgan vizualizatsiyada 1950-yildan 2100-yilgacha bo‘lgan davrda dunyoning aholisi eng ko‘p 15 shahrida yuz beradigan o‘zgarishlar aks ettirilgan. Ushbu reyting Yevropa komissiyasining Qo‘shma tadqiqotlar markazi (JRC) aholi soniga oid baholari asosida tuzilgan bo‘lib, ma’lumotlar Our World in Data orqali taqdim etilgan.

**1950-yil: G‘arb megapolislari ustunligi**

1950-yilda Tokio 12,6 million aholi bilan reytingga boshchilik qilgan. Ikkinchi o‘rinda 9,3 million aholi bilan Nyu-York joylashgan edi. O‘sha davrda dunyoning eng yirik shaharlari orasida G‘arb megapolislarining ulushi ancha yuqori bo‘lgan. 1950-yilda top-15 shaharning yarmidan ko‘pi Yevropa yoki Amerikada joylashgan edi. Jumladan, Londonda 7,9 million, Moskvada 5,5 million va Parijda 5,4 million kishi yashagan.

**Keyingi o‘n yilliklardagi o‘zgarishlar**

Keyingi o‘n yilliklarda vaziyat keskin o‘zgara boshladi. 1975-yilga kelib London birinchi o‘ntalikdan chiqib ketdi, Parij va Los-Anjeles ham reytingda pastladi. XX asrning ikkinchi yarmida Lotin Amerikasi megapolislari, ayniqsa San-Paulu va Mexiko jadal o‘sdi. 2000-yilga kelib bu ikki shahar aholi soni bo‘yicha Nyu-Yorkni ortda qoldirib, G‘arbiy yarimsharning eng yirik shaharlariga aylandi.

**2000-yil: Osiyo megapolislari yetakchiligi**

Shu davrga kelib jahon reytingi yuqori pog‘onalarini asosan Osiyo megapolislari egallay boshladi. 2000-yilda Tokio 30,3 million aholi bilan yetakchilikni saqlab qoldi. Guanchjou 19 million aholi bilan uchinchi, Nyu-Dehli esa 18 million kishi bilan oltinchi o‘rinni egalladi.

**2100-yil: Dakka yetakchi bo‘lishi mumkin**

Prognozlarga ko‘ra, asr oxiriga kelib reyting yana keskin o‘zgaradi. Dakka aholisi qariyb 55 million kishiga yetib, dunyoning eng yirik shahriga aylanishi kutilmoqda. Ikkinchi o‘rinni 49,7 million aholi bilan Jakarta, uchinchi o‘rinni esa 43,7 million kishi bilan Karachi egallashi prognoz qilingan.

1950 va 2000-yillarda dunyoning eng yirik shahri bo‘lgan Tokio esa 2100-yilga kelib 24,1 million aholi bilan to‘qqizinchi o‘ringa tushishi mumkin. Prognozga ko‘ra, shahar aholisi hatto 1975-yildagi darajadan ham kamayadi. Buning asosiy sababi sifatida tug‘ilish darajasining pasayishi va uzoq muddatli demografik qisqarish ko‘rsatilgan.

Ayni paytda Afrika megapolislarining jahon reytingidagi o‘rni ham sezilarli darajada mustahkamlanishi kutilmoqda. Xususan, Qohira aholisi 36,7 million kishiga yetib, Osiyodan tashqaridagi eng yirik shahar maqomini saqlab qolishi prognoz qilingan. Luanda aholisi 30,7 million, Dor-us-Salomniki 20,1 million, Lagosniki esa 17,9 million kishiga yetishi mumkin.

Shunday qilib, 150-yillik davrda dunyo megapolislari geografiyasi sezilarli o‘zgarmoqda: 1950-yillarda reytingda Yevropa va Amerika shaharlari katta o‘rin tutgan bo‘lsa, XXI asr oxiriga borib eng yirik shaharlar orasida Osiyo va Afrika megapolislarining salmog‘i yanada ortishi prognoz qilinmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.