132 yilga kechikkan jurnal AQSh kutubxonasiga qaytarildi
Konkord ommaviy kutubxonasining maʼlum qilishicha, agar jarimalarni vaqtinchalik muzlatish tartibi amalda boʻlmaganida, muddati oʻtgan kitob uchun 12 055 dollar miqdorida jarima undirilgan boʻlar edi.

Nyu-Gempshir kutubxonasidan 132 yil avval olingan jurnal nihoyat qaytarildi.
Konkord ommaviy kutubxonasining maʼlum qilishicha, *The Century Illustrated Monthly Magazine* jurnalining 1894 yil sentyabr soni oʻtgan haftada, kutubxona jarimalarni muzlatish haqida eʼlon qilganidan keyin qaytarilgan.
Jurnal 48 220 kunga kechiktirilgan boʻlib, buning uchun 12 055 dollar (8 950 funt sterling) miqdorida jarima undirilishi kerak edi.
Uni qaytarib bergan Jon ismli shaxsning aytishicha, jurnal uning uyida oʻnlab yillar davomida «yotib qolgan», ammo u yerga qanday kelib qolganini oʻzi ham bilmaydi.
U mahalliy gazetada kutubxona jarimalarni muzlatgani haqidagi xabarni koʻrgach, jurnalni qaytarib olib kelishga qaror qilgan.
«Jarimalarni muzlatish haqida eʼlon qilganimizdan beri koʻplab baxtli chehralarni koʻrdik», deb yozdi Konkord ommaviy kutubxonasi Facebook sahifasida.
«Albatta, biz ancha vaqt oldin olingan kitoblar qaytarilishini kutgan edik, lekin XIX asr oxiriga oid narsani emas!»
Konkord ommaviy kutubxonasi 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab kechiktirilgan jarimalar uchun bir yillik amnistiya joriy etdi va bundan maqsad «jarimasiz kutubxona» taʼsirini baholashdir.
«Tabiiyki, u qayta muomalaga chiqarilmaydi, lekin balki Konkord xonasidan joy olishga loyiqdir», deyiladi ijtimoiy tarmoqdagi postda kutubxonaning mahalliy tarixga bagʻishlangan boʻlimi nazarda tutilib.
«Xayriyatki, u 48 220 kunlik kechikish uchun 12 055 dollarlik jarimani toʻlashi shart emas».

