Mahalliy

“130 kishilik guruhdan 12 kishi tirik qoldik”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan farg‘onalik yigitga sud hukmi o‘qildi

“130 kishilik guruhdan 12 kishi tirik qoldik”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan farg‘onalik yigitga sud hukmi o‘qildi

Farg‘ona viloyati Quva tumanida Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi jang qilgan 25 yoshli yigitga sud hukmi chiqarildi.

Ma’lum bo‘lishicha, R.B. 2023-yil 4-noyabr kuni ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga borgan va avvaliga qabrtosh tayyorlash sexida ishlagan. Dekabr oxirlarida esa Moskva viloyatining Balashixa shahrida ishlayotgan otasining yoniga ko‘chib o‘tgan.

Shu yerda u Belarus fuqarosi bo‘lgan tanishi Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashayotganini eshitgan. Uning taklifiga ko‘ra, 2024-yil 23-fevralda shartnoma imzolagan.

O‘sha paytda moddiy jihatdan og‘ir ahvolda edim, qarzlarim ko‘pligi sabab ularni qanday to‘lashni o‘ylab boshi qotgan edi. O‘sha vaqtda shartnoma imzolash eng to‘g‘ri yo‘ldek tuyulgan, deydi R.B. o‘z ko‘rsatmasida.

Shartnoma imzolangach, R.B. fevral oxiri va mart boshlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Shundan so‘ng 10-mart kuni Ukrainaning Lugansk viloyatidagi jangovar harakatlarga yuborilgan.

“130 kishilik guruh bilan jang maydoniga kirdik”

U avval jangovar texnikalar yordamida janglarda qatnashgan. Keyin 130 kishilik piyoda guruh tarkibida jang maydoniga kirgan. Ukraina harbiylarining qarshi hujumi natijasida guruhdagi 117 kishi halok bo‘lgan.

O‘zim va yana 12 kishi tirik qaytdik. Jang maydonidan qaytgach, bizga uch kun dam berildi. Keyin yana boshqa 48 kishilik piyoda guruhi tarkibida boshqa jangovar harakatlarga yuborildik, deydi R.B.

2024-yil 15-aprelda Ukraina armiyasi droni hujumi oqibatida uning o‘ng qo‘li yaralangan. Shundan so‘ng u ikki hafta gospitalda davolangan va 30-aprel kuni yana jangovar harakatlar hududiga yuborilgan. Keyingi janglarda snaryad zarbasidan oyog‘idan ham yaralanganiga qaramay, 2024-yil kuziga qadar himoya guruhi tarkibida urushda ishtirok etgan.

Ikkala oyoq tos suyagi yemirilishi tashxisi qo‘yilgan

2024-yil sentyabr oyida R.B. tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Moskvadagi harbiy gospitalga yuborilgan. Shifokorlar unga ikki oyoq tos suyagi yemirilishi tashxisini qo‘yib, jarrohlik amaliyoti zarurligini bildirgan. Shundan keyin u harbiy qismga qaytib, jangovar harakatlarda emas, asosan shtab ishlarida xizmat qilgan.

2025-yil 16-aprelda Moskvadagi harbiy gospitalda uning chap oyog‘i tos qismi operatsiya qilingan. Ikki oy davolanib, vaqtincha xizmatga yaroqsizlik ta’tilida bo‘lganidan so‘ng iyun oyida yana harbiy qismga qaytgan.

Iyul oyida shartnoma muddati tugagach, u Rossiya Qurolli kuchlari safidan chiqarilgan. Keyin Moskvaga borib, ikkinchi oyog‘ini operatsiya qildirish uchun navbatini kutgan. O‘sha paytda ijara uyida onasi va singlisi bilan yashagan.

Rossiya fuqarosi bo‘lmaganim sababli navbatim kelgan bo‘lsa-da, ikkinchi jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga ruxsat berilmadi. Uzoq vaqt samarasiz kutgach, oilam bilan Farg‘onaga, uyimizga qaytishga qaror qildik. Hujjatlarimni yo‘qotib qo‘yganim sababli joriy yil mart-aprel oylarida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga yordam so‘rab murojaat qildim, deydi R.B. o‘z ko‘rsatmasida.

Elchixona unga 2026-yil 1-may kuni “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirib berganidan o‘n kun o‘tib, ya’ni 11-may kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

20-may kuni tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari uni suhbatga chaqirgan. Suhbat davomida Rossiyada harbiy xizmat o‘tagani va jangovar harakatlarda qatnashgani bilan bog‘liq holatlar haqida so‘zlab bergan. Shuningdek, o‘zida saqlanayotgan harbiy hujjatlarni ixtiyoriy ravishda topshirgan.

Sudda R.B. qilgan ishidan chin dildan pushaymonligini bildirib, o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudi R.B.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.