12–13 daqiqa oʻrniga 9 daqiqa: Toshkentda yana bir koʻchada «yashil toʻlqin» ishga tushdi
Toshkentning Fargʻona yoʻli koʻchasidagi 6 kilometrlik uchastkada 13 ta svetofor «yashil toʻlqin» tizimiga muvofiqlashtirildi. Yoʻl harakatini tashkil etish markazi oʻlchovlariga koʻra, tigʻiz boʻlmagan vaqtda ushbu masofani bosib oʻtishga sarflanadigan vaqt taxminan 25 foizga qisqargan.

12–13 daqiqa oʻrniga 9 daqiqa: Toshkentda yana bir koʻchada «yashil toʻlqin» ishga tushdi
Tizim Qoʻyliq koʻprigidan keyingi «Qoʻyliq ota» maqbarasidan OʻzBUMgacha boʻlgan yoʻnalishda joriy etilgan va sutka davomida ishlaydi.
Markaz bergan maʼlumotga koʻra, aholi ushbu koʻchada «yashil toʻlqin»ni sozlash zarurligi haqida bir necha bor murojaat qilgan. Shundan keyin mutaxassislar uchastkadagi svetoforlar ishini oʻzaro moslashtirgan.
Oʻlchovlar shuni koʻrsatdiki, avval tigʻiz boʻlmagan vaqtda yoʻlni bosib oʻtish 12–13 daqiqa olgan boʻlsa, hozir buning uchun taxminan 9 daqiqa yetarli boʻlmoqda.
«Yashil toʻlqin» barcha chorrahalarda chiroq doim yashil yonib turishini anglatmaydi. Svetoforlar haydovchi belgilangan tezlikda harakatlanganda imkon qadar koʻproq chorrahadan yashil chiroqda oʻtishi uchun moslashtiriladi.
Tizimning vazifasi — qizil chiroqda toʻxtashlar sonini kamaytirish, harakatni bir maromda tashkil etish va yoʻlga ketadigan vaqtni qisqartirish.
Fargʻona yoʻli koʻchasi poytaxtning asosiy kirish transport yoʻlaklaridan biri hisoblanadi. Qoʻyliq yoʻnalishidan kelayotgan katta avtomobil oqimi shu koʻcha orqali shaharning markaziy qismi tomon taqsimlanadi.
Mutaxassislar kun davomida transport harakatini kuzatib bormoqda. Zarur hollarda svetoforlarning ish rejimlariga qoʻshimcha oʻzgartishlar kiritiladi.

