12 yoshgacha boʻlgan bolaning smartfon ishlatishi oqibatlari aniqlandi
12 yoshga kelib smartfonga ega boʻlgan bolalarda ovqatlanish bilan bogʻliq buzilishlar telefoni boʻlmagan tengdoshlariga nisbatan koʻproq uchraydi. Amerikalik olimlar bu holatda ijtimoiy tarmoqlar muhim omil boʻlishi mumkinligini aniqladi.

12 yoshgacha boʻlgan bolada smartfon boʻlishining oqibatlari maʼlum qilindi
Amerikalik olimlar 12 yoshga yetguncha smartfon ishlatgan bolalarda ovqatlanish buzilishlari ko‘proq uchrashini aniqladi.
Gadjetlarning taʼsirini baholash uchun mualliflar amerikalik maktab oʻquvchilarining kognitiv rivojlanishiga oid keng qamrovli loyiha maʼlumotlarini tahlil qildi.
Aniqlanishicha, ishtirokchilarning 70 foizi — 6200 nafardan ortiq oʻsmir — 12 yoshidayoq smartfonga ega boʻlgan. Ular orasida eng koʻp kuzatilgan simptom meʼyordan ortiq ovqatlanish boʻldi (9%). 14 yoshga kelib, smartfon egalarining qariyb 24 foizi, bu yoshda telefoni boʻlmaganlarning esa 16 foizi hech boʻlmaganda bitta simptom borligini bildirgan.
Tadqiqotchilar buning asosiy sababi sifatida ijtimoiy tarmoqlarni koʻrsatmoqda. 12 yoshli gadjet egalari oʻz-oʻzini baholashni tana vazniga ikki baravar koʻproq bogʻlagan va orttirilgan vaznni sport yoki ataylab qusish kabi zararli usullar bilan yoʻqotishga 50 foiz koʻproq uringan.
«Oʻzingizni rasmlari sinchkovlik bilan tanlanadigan, tahrirlanadigan va filtrlardan oʻtkaziladigan inflyuyenserlar bilan taqqoslaganingizda, bu oʻz tanangizdan qoniqmaslikning ortishiga va oʻz-oʻzingizga past baho berishga olib kelishi mumkin, bu esa ovqatlanish buzilishlarining rivojlanishida xavf omiliga aylanishi mumkin», - dedi tadqiqot muallifi Jeyson Nagata.
Avvalroq ekran qarshisidagi har bir qoʻshimcha soat oʻsmirlar uchun xavflarni oshirishi haqida xabar berilgan boʻlsa-da, ushbu tadqiqot aynan qurilmaning qaysi yoshda paydo boʻlishi muhim ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi.
Mutaxassislar fikricha, hatto qisqa tanaffus ham bolaning ruhiyatini himoya qilishga yordam beradi. Tadqiqotda qatnashmagan Shimoliy Karolina universiteti (AQSH) psixologiya va neyrobiologiya professori Mitch Prinshteyn CNN telekanaliga bergan intervyusida telefon sotib olishni hech boʻlmaganda yarim yil yoki bir yilga kechiktirish ham xavflarni kamaytirishi mumkinligini taʼkidladi.

