100 ming dollarlik iltimos. Tramp Gretsiyadagi elchisidan nega voz kechdi?
AQShning Afinadagi elchisi Kimberli Gilfoyl Oq uy talabi bilan isteʼfoga chiqdi. Bunga sabab boʻlgan Wall Street Journal'ning surishtiruvlarida elchi xonim pul, sovgʻa va xizmatlar evaziga Tramp maʼmuriyati rasmiylariga yoʻl ochib berishni taklif qilgani aytiladi. Bir paytlar Trampning oʻgʻliga unashtirilgan Gilfoyl esa ayblovlarni rad etmoqda.

100 ming dollarlik iltimos. Tramp Gretsiyadagi elchisidan nega voz kechdi?
Kimberli Gilfoyl uzoq yillar davomida AQSH prezidenti Donald Tramp atrofidagi eng mashhur shaxslardan biri bo‘lib kelgan. U San-Fransisko va Los-Anjelesda prokuror sifatida ishlagan, keyin Fox News telekanali boshlovchisi sifatida tanilgan. Bir vaqtlar u hozirgi Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomga turmushga chiqqan, keyinroq esa prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li kichik Donald Trampga unashtirilgan.
57 yoshli Gilfoyl Trampning ikkinchi muddatida nomzodi ko‘rsatilgan ilk elchilardan biri edi. AQSH Senati uni 2025-yil sentabrda tasdiqlagan, u esa 1-noyabrda Afinaga kelgan. Ya’ni u elchi sifatida bir yil ham ishlamadi. Endi esa u katta mojaro ortidan lavozimni tark etmoqda.
Hal qiluvchi lahza 13-oktabr kuni Oq uydagi brifingda yuz berdi.
Oq uyning yangi matbuot kotibi Keti Zakariya o‘zining ilk brifingida bu mavzudagi savolga javoban shunday dedi:
«Biz elchi Gilfoyldan iste’foga chiqishni so‘radik. U jamoa uchun juda qadrli xodim bo‘ldi, unga omad tilaymiz»
Korrupsion mojarolar: Elchi nega bo‘shatildi?
Gilfoylning qulashi bir necha hafta avval boshlangan. Sentabr oyida Wall Street Journal elchining Bolqondagi energetika bitimlari bilan bog‘liq ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida yozgandi. Oktabr boshida esa jarayon tezlashdi va gazeta yangi materiallar chop etdi. Ulardagi asosiy da’volarni uch guruhga ajratish mumkin, biroq ularning hech biri hozircha rasman isbotlanmagan.
Birinchisi — yunon biznesi bilan yaqinlik. WSJ ma’lumotiga ko‘ra, elchi Aktor nomli qurilish va energetika kompaniyasining lobbisti Xristos Marafatsosni xorijiy rasmiylar bilan uchrashuvlarga olib kirgan. U Aktor ishtirokidagi qo‘shma korxonaning Amerika suyultirilgan gazini sotib olish bo‘yicha 20 yillik bitimini Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlarida faol targ‘ib qilgan.
Elchi yunon tadbirkorlarining xususiy samolyotlarida ham uchgan. Aktor advokati esa «elchi doimo AQSH manfaatlarini ilgari surib kelgan», degan.

