Mahalliy

1 sentyabrdan nimalar oʻzgaradi

Norma.uz portali 2026 yil 1 sentyabrdan milliy qonunchilikda kuchga kiradigan asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.

1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston qonunchiligida bir qator muhim oʻzgarishlar kuchga kiradi. Norma.uz portali ushbu yangiliklarning batafsil sharhini taqdim etdi.

**Qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotda:**

* Agrar sohada urgʻochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalanadi.

* Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.

* Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (MHTEKM), bazaviy hisoblash miqdori (BHM), davlat bojlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq miqdorlari oshiriladi.

**Transport sohasida:**

* Gaz ballon uskunalari boʻyicha texnik koʻrikdan oʻtmagan avtomobillarga gaz quyish taqiqlanadi.

* Barcha turdagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari va gaz quyish inshootlarida, shu jumladan oʻz ehtiyojlari uchun yoqilgʻidan foydalanadigan ob’yektlarda ortiqcha bosim ostida ishlaydigan, xizmat muddati oʻtgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum boʻlgan uskunalardan foydalanish cheklanadi.

* Yoʻlovchilar avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi terminallari bilan jihozlangan avtobusga chiqishda yoʻl haqini toʻlashlari shart.

* Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yoʻl yoʻnalishlarida yoʻl haqini toʻlashning integratsiyalashgan tizimi, shu jumladan "elektropoyezd – avtobus" va "elektropoyezd – metro" tarif rejalari joriy etiladi.

**Turizm va madaniyatda:**

* Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplanadi. Shuningdek, mahalliy turoperatorlarning xorijdagi axborot-tushuntirish tadbirlari boʻyicha xarajatlarining 25 foizigacha (lekin 500 mln soʻmdan koʻp boʻlmagan) qismi qoplanadi.

* Asosiy faoliyati konsert tomoshalari, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratishdan iborat boʻlgan sub’yektlar, nodavlat teatrlar va teatr-studiyalar, shuningdek, madaniyat va san’at yoʻnalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari QQS, foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʻi va mol-mulk soligʻidan, ularda faoliyat yurituvchi xodimlar esa – JShDSdan ozod etiladi.

* Byudjetdan moliyalashtiriladigan teatrlar va konsert-tomosha muassasalarida faoliyat yurituvchi raqs jamoalari badiiy rahbari, baletmeysteri, repetitorlari va balet artistlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori 2 baravarga oshiriladi.

**Ijtimoiy sohada:**

* Alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalarni ta’limga jalb qilish boʻyicha "oilabay" ishlash tizimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy xodim ota-onalarga ta’lim va ijtimoiy xizmatlar olishda amaliy koʻmak koʻrsatib boradi.

* Korreksion sinf tashkil etgan nodavlat maktablarga ushbu sinfda ta’lim olayotgan har bir oʻquvchi uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi.

* "1146" qisqa raqamli ishonch telefoni orqali odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlari qabul qilinadi. Ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar boʻyicha maslahatlar beriladi.

* Boshpanasiz shaxslarning roziligisiz ularni sud qarori asosida ijtimoiy markazlarga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Ular faqat oʻz roziligi bilan joylashtiriladi, vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat hamda shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi.

* Boshpanasiz shaxslarning bandligini ta’minlash yangi qoidalar asosida amalga oshiriladi.

* "Chuqur darajadagi aqliy zaiflik" tashxisi qoʻyilgan 18 yosh va undan katta yoshdagi shaxslarni parvarishlash bilan band boʻlgan qonuniy vakilga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi boʻlgan bolani parvarishlash boʻyicha nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasi toʻlanadi.

**Sport va infratuzilmada:**

* Sport maktablari xodimlariga ommaviy sport tadbirlari ishtirokchilarini rivojlantirish va saralash ishlari hamda sport natijalari uchun bazaviy ish haqiga har oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi.

* "Oʻzsuvta’minot" tomonidan foydalanishga topshirilgan barcha infratuzilmani rivojlantirish loyihalari dasturlarni amalga oshirish monitoringi axborot tizimida aks ettiriladi.

**Boshqa muhim oʻzgarishlar:**

* 4–6 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq Yoshlar parlamenti a’zolarining XII Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtadi.

* Elektron davlat xaridlari tizimida autsorsing xizmatlarini tashkil etish uchun maxsus sahifa ishga tushiriladi.

* 17 sentyabrga qadar bir qator korxona va tashkilotlar spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarining zarari toʻgʻrisidagi axborot panellarining yangi namunalarini tayyorlashlari va joylashtirishlari lozim.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.