Mahalliy

“Zolotaya Korona” orqali migrantlar yuborgan pullar fuqarolarga odatdagi tartibda berilmoqda — Markaziy bank

**Markaziy bank: "Zolotaya Korona" orqali yuborilgan pullar fuqarolarga odatdagidek berilmoqda**

Markaziy bank departamenti rahbari Otabek Tojiddinovning 29-iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilishicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qaramay, "Zolotaya Korona" xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali O‘zbekistonga mablag‘ yuborishda hech qanday muammo kuzatilmayapti.

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 9,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘pdir. Ushbu mablag‘larning qariyb 2,4 milliard dollari "Zolotaya Korona" to‘lov tizimi orqali kelib tushgan.

Otabek Tojiddinovning taʼkidlashicha, "Zolotaya Korona" tizimidan nafaqat Rossiyada, balki Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi davlatlarida ham faol foydalaniladi.

"Fuqarolarimiz O‘zbekistondagi banklar reklamasi yoki aksiyalarida 'Zolotaya Korona' nomini ko‘rishi tabiiy. Chunki ushbu tizimning o‘zi xalqaro pul o‘tkazmalari operatori sifatida sanksiyalar ostiga tushmagan. Sanksiyalar uning texnik xizmat ko‘rsatuvchi, yaʼni korrespondent bankiga nisbatan qo‘llangan", — dedi mutaxassis.

Markaziy bank vakilining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat doimiy nazoratda. O‘zbekiston banklari "Zolotaya Korona"ning garov depozitlari hisobidan fuqarolarga pul mablag‘larini odatdagi tartibda berishda davom etmoqda. Mijozlar pulni istalgan valyutada olishlari mumkin.

Otabek Tojiddinov O‘zbekiston ikkilamchi sanksiyalar xavfiga duch kelish niyati yo‘qligini bildirdi. Buning uchun "Zolotaya Korona" rahbariyati bilan texnik operatorni sanksiyalar ostida bo‘lmagan boshqa bankka o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

"Kelgusi haftadan yangi operatorga o‘tish va tizim faoliyatini odatdagi rejimda davom ettirish rejalashtirilgan. Vaziyatning O‘zbekistonga taʼsiri sezilarli bo‘lishi mumkin. Biroq uni tezkor bartaraf etish bo‘yicha Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda", — dedi Otabek Tojiddinov.

Maʼlumot uchun, 2026-yil 23-iyul kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi energetika, moliya va kriptovalyuta sohalarini qamrab olgan 21-paket sanksiyalarini tasdiqladi. Yangi cheklovlar 94 ta Rossiya banki va moliyaviy tashkilotining aktivlarini muzlatish hamda ular bilan moliyaviy operatsiyalarni taqiqlashni nazarda tutadi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga "Zolotaya Korona" to‘lov tizimi operatori va hisob-kitob markazi hisoblangan RNKO "Platejniy Sentr" (OOO) hamda xalqaro pul o‘tkazmalarining bir qismi amalga oshirilgan "Sifra Bank" ham kiritilgandi. Cheklovlar joriy etilgach, "Zolotaya Korona" Rossiyadan Gruziya, Armaniston va yana bir qator davlatlarga pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi. Tizimning qo‘llab-quvvatlash xizmati ayrim yo‘nalishlar endi mavjud emasligini tasdiqlagan.

uzbekistancentral banksanctionspayment systemszolotaya koronaremittancesfinancial transfersrnko platezhny tsentr