Siyosat

Yevropa davlatlari Janubiy Osetiya bo‘yicha Rossiyani ogohlantirdi

Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya Rossiyaning Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi harbiy ishtiroki xalqaro huquq normalariga zid ekanini bildirib, Moskva Janubiy Osetiyani to‘liq anneksiya qilishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Qo‘shma bayonot Rossiya–Gurjiston urushi boshlanganining 18 yilligi munosabati bilan e’lon qilindi.

Yevropa davlatlari Rossiyani Janubiy Osetiya masalasida ogohlantirdi.

Buyuk Britaniya hukumati veb-saytida e'lon qilingan qo'shma bayonotda ta'kidlanishicha, Rossiyaning Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi doimiy harbiy ishtiroki xalqaro huquq me'yorlariga hamda 2008-yil 12-avgustda imzolangan olti bandli tinchlik kelishuvi bo'yicha o'z zimmasiga olgan majburiyatlariga zid keladi.

Hujjat mualliflari Rossiya tomonidan Gruziyaning ushbu hududlarini harbiylashtirish mamlakat xavfsizligiga, shuningdek, mintaqaviy va Yevropa barqarorligiga jiddiy tahdid solayotganini qayd etdilar.

Bayonotda aytilishicha, Rossiya 2026-yil 9-may kuni Janubiy Osetiyaning de-fakto rahbariyati bilan "ittifoqchilik va integratsiyani chuqurlashtirish to'g'risidagi kelishuv"ni imzolash orqali Gruziyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini yanada buzgan.

Shuningdek, Rossiya fuqarosining Janubiy Osetiya rahbari etib tayinlanishi mintaqa to'liq anneksiya qilinishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgani ta'kidlangan. Bayonot mualliflari bunday harakatlar javobsiz qolmasligini bildirdilar.

Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya Gruziyaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini to'liq qo'llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, ular Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan davlatlarni Nauru Respublikasi misoliga ergashib, ushbu hududlarning "mustaqilligi"ni tan olish qarorini qayta ko'rib chiqishga chaqirdi. Bayonotda Nauru o'z vaqtida mazkur qarorni bekor qilgani qayd etilgan.

abxaziyayevropa davlatlarihududiy yaxlitlikxalqaro huquqanneksiyarossiyagruziyajanubiy osetiya