Yaponiya aholisi soni 42 yilda ilk bor 120 milliondan kamaydi

Yaponiya aholisi soni 42 yildan so‘ng ilk bor 120 milliondan pastga tushdi. Mainichi nashrining hukumat maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, 2026-yil boshida mamlakat fuqarolari soni 119 736 483 nafarni tashkil etgan.
1-yanvar holatiga ko‘ra, aholi soni o‘tgan yilga nisbatan 917 000 kishiga kamaygan. Bu 1968-yildan beri, yaʼni tegishli maʼlumotlarni taqqoslash imkoniyati paydo bo‘lganidan buyon qayd etilgan eng keskin pasayishdir.
Shu bilan birga, chet ellik rezidentlar soni 354 ming kishiga oshib, rekord darajaga – 4 031 159 kishiga yetgan. Ichki ishlar va kommunikatsiya vazirligi bu turdagi maʼlumotlarni 2013-yildan boshlab to‘playdi.
Hukumat tug‘ilishning pasayish tendensiyasini o‘zgartirishga urinayotganiga qaramay, mamlakatda 670 mingga yaqin tug‘ilish qayd etilgan. Bu 1,59 million o‘lim bilan solishtirganda rekord darajadagi past ko‘rsatkichdir. Yaponiyaning 47 ta prefekturasidan faqat Tokioda fuqarolar soni 0,09 foizga ko‘paygan.
Ishchi kuchi yetishmovchiligiga duch kelgan Yaponiya asta-sekin chet ellik ishchilar uchun o‘z eshiklarini ochmoqda. Xorijiy rezidentlar soni ketma-ket to‘rtinchi yil o‘smoqda. Ular orasida mehnatga layoqatli yoshdagilar ulushi 86,17 foizga yetgan.
Xorijiy aholi soni eng ko‘p ko‘paygan prefekturalar Hokkaydo (14,89 foiz), Okinava (14,36 foiz) va Oita (13,90 foiz) bo‘ldi. Yaponiyaning umumiy aholisi, xorijiy rezidentlarni qo‘shib hisoblaganda, 123 767 642 kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan taxminan 563 000 kishiga kam. O‘sish faqat Tokio, Chiba va Osaka prefekturalarida kuzatilgan. Ushbu maʼlumotlar aholini ro‘yxatga olish reyestridan olingan.
Ma’lumot uchun, Yaponiyada 2025-yilgi tug‘ilish darajasi 1899-yil statistika yuritila boshlangan davrdan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etgandi. O‘shanda 670 mingdan kam tug‘ilish haqida ma’lumot berilgan.

