Xitoy kompaniyasi transformator ishlab chiqarish loyihasini ishga tushiradi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Qingdao Junling Transformers" kompaniyasi taʼsischisi Szi Chjaoshan boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi.

Xitoyning "Qingdao Junling Transformers" kompaniyasi Farg‘ona viloyatida transformator ishlab chiqarish loyihasini boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya taʼsischisi Szi Chjaoshan boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qilgan uchrashuvda maʼlum bo‘ldi.
Toshkentda (UzDaily.uz) xabar berilishicha, uchrashuvda Farg‘ona viloyatida, xususan, Bag‘dod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari atroflicha muhokama qilindi.
Szi Chjaoshan o‘z kompaniyasining transformator ishlab chiqarishdagi tajribasi va Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot berdi. Loyihaning dastlabki bosqichida transformatorlar uchun zarur xomashyo va butlovchi qismlar olib kelinib, ularni yig‘ish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda esa to‘liq mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xorijiy investorlarning loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus markaz tashkil etilganini taʼkidladi. U har bir investitsiya loyihasiga zarur amaliy yordam ko‘rsatilishi va ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni jadallashtirish va loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi hamda o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

