Vengriya Oliy sudi sobiq raisi prezidentlikka nomzodini qoʻydi

Vengriyaning “Tisa” partiyasi 8-avgust kuni mamlakat Oliy sudining sobiq raisi Andrash Bakani prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
73 yoshli Baka 2012-yilda Viktor Orban hukumati davrida sudyalarning pensiya yoshini 70 yoshdan 62 yoshga tushirishga qarshi chiqqani sababli lavozimidan chetlatilgan edi. O‘sha paytda u bu qarorni sud tizimini amalda “tozalash” deb atagan. Yevropa Ittifoqi va AQSH esa sudyalar uchun pensiya yoshini pasaytirish qonunga zid ekanligini ta’kidlagan. 2016-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Baka foydasiga qaror chiqargan.
**Baka nomzodi**
Vengriya bosh vaziri Peter Madyarning so‘zlariga ko‘ra, fraksiya vakillari Bakaga o‘z qarorlarini ma’lum qilib, unga prezidentlikka nomzodini qo‘yishni taklif qilishgan.
“Baka taklifni millatga xizmat qilish istagi bilan qabul qildi. U venger xalqining birligi hamda demokratik, Yevropa Vengriyasi farovonligi yo‘lida ishlashga tayyor”, dedi Madyar.
Avvalroq u Vengriyaning shaxmat afsonasi Yudit Polgarga prezident bo‘lishni taklif qilgan, biroq rad javobini olgandi. Shundan so‘ng “Tisa” deputatlari yana o‘n nafar nomzoddan iborat ro‘yxat tuzgan. Natijada Baka yashirin ovoz berish yo‘li bilan tanlangan.
**Prezident o‘zgarishi**
Vengriyaning avvalgi prezidenti Tamash Shuyok 19-iyul kuni konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, vakolatlarini muddatidan oldin tugatgandi. U parlamentning Konstitutsiyani o‘zgartirish qaroriga qo‘shilmasligini ochiq aytgan bo‘lsa-da, tuzatishni o‘zi imzoladi. Shuyok buni konstitutsiya va qonunga rioya qilish mas’uliyati bilan izohlagan. Vengriya parlamenti 11-avgust kuni yangi prezidentni tayinlashi kutilmoqda.

