Layfstayl

Vashingtonliklarning yakshanbasi: qariyb 4 mlrd dollarlik bandargohdan reportaj

Amerikaliklar dushanbadan jumagacha qattiq ishlaydi, ishga vaqtli boradi va e’tiborini to‘liq ishga qaratadi. Shuning uchun ham shanba va yakshanba ular uchun chinakam dam olish kunlari. Kun.uzʼning AQShdagi muxbiri poytaxtliklar bo‘sh vaqtlarida va hafta oxirida sevib boradigan manzillardan biri – The Wharf bandargohidan reportaj tayyorladi. Markaz qurilishi rejasi 2000-yillardan beri bo‘lsa-da, hozirgi hokimlik buni bitirdi. Xalq hokimidan xursand, chunki The Wharf ular oshiqadigan nuqtaga aylandi.

**Vashingtonliklarning yakshanbasi: qariyb 4 milliard dollarlik bandargohdan reportaj**

O‘zbekistonda shanba-yakshanba kunlari ish kunlaridan ham ko‘proq stressga boy bo‘ladi. Chunki aksariyat odamlar bozorlarda, yo‘llarda, to‘ylarda yoki qarindoshlarining uyida bo‘ladi. Yoshlar esa odatda dam olish kunlarini tinimsiz uyqu bilan o‘tkazadi. Kam sonli kishilar o‘zlariga vaqt ajratib, hayotdan zavqlanadi.

Vashingtonliklarning dam olish kunlarida sevimli maskanlaridan biri – The Wharf, ya’ni shaharning eng chekkasida joylashgan bandargohdir. Vashington kanali va Anakostia daryosi tutashgan bu joy uzoq yillar davomida ko‘rimsiz baliq bozori bo‘lib kelgan. Ammo 2017-yilda bu hudud obod qilinib, chinakam dam oladigan so‘lim go‘shaga aylantirildi. Bugun vashingtonliklar buning uchun o‘z hokimiga minnatdorchilik bildiradi.

Kafe va restoranlar, konsert maydonchalari, piyoda va yugurish yo‘laklari, sayr zonalari va qirg‘oq bo‘yi – bularning barchasi vashingtonliklar uchun vaqtni maroqli o‘tkazishga tayyor imkoniyatdir. Oilasi va bolalari bilan sayr qilish, yugurish va velosiped minish, suv bo‘yida gazeta yoki kitob o‘qish, uy hayvonlarini aylantirish, do‘stlar bilan piknik qilish, qayiq va yaxtalarga minib, narigi sohildan o‘tish, jonli musiqa – obod qilingan bandargoh bularning hammasini taqdim etadi. Ularning deyarli hammasi bepul. Ustiga-ustak, hududda bepul internet bilan ta’minlanasiz.

Amerikaliklar dushanbadan jumagacha tinimsiz ishlaydi, ishga erta boradi. Shu sababli ham shanba va yakshanba kunlari parklarga, shunga o‘xshash suvli joylarga, sport maydonlariga va muzeylarga, tabiat qo‘yniga shoshiladi. The Wharf hududidagi eski baliq bozori 1805-yildan beri mavjud bo‘lib, asrlar davomida bu nuqta baliq savdosining markazi bo‘lgan. Hozir esa portning faqat bir qismida baliq bozori saqlanib qolgan, qolgan hudud dam olish zonasiga aylantirilgan.

Vashington siyosiy va ma’muriy markaz bo‘lib, odamlarning aksariyati davlat xizmatchilaridir. Ammo The Wharf’ga kelganlar siyosatni unutadi, shoshilmaydi, suv bo‘yida sayr qiladi, yuguradi va vaqtini maroqli o‘tkazadi.

Bandargohning hozirgi qiyofasini qurish 2014-yilda boshlangan bo‘lib, bu Vashingtondagi eng yirik shaharsozlik loyihalaridan biri bo‘ldi. 1950-yildayoq hududni rivojlantirishga kirishib, yuzlab bizneslarni bu tomonga ko‘chirishgan, ammo natija kutilganidek bo‘lmadi. Shuning uchun ham shahar hokimligi hududni butunlay boshqa qiyofaga keltirishga qaror qildi. The Wharf’ning qiymati 3,6 milliard dollarni tashkil etib, bu Vashington tarixidagi eng qimmat loyihalardan biri bo‘ldi. 3 million kvadrat futdan ortiq joyda ofis, mehmonxona, turar joy binolari, savdo va ko‘ngilochar markazlar qad rostladi. Natijada vashingtonliklar asosan hafta oxirida oqib keladigan markaz yaratildi.

Ko‘pchilik quyosh botishini va Reygan aeroportidan ko‘tarilayotgan samolyotlarni tomosha qilish uchun ham keladi.

recreationurban developmentwashington d.cwaterfrontthe wharfcity lifeleisuretourism