Vashingtondagi o‘rmon yong‘inlaridan jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q — Bosh konsulxona

Vashington shtatida sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlarida O‘zbekiston fuqarolari jabrlanmagan. Bu haqda O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga tayanib, “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
1-avgust, shanba kuni Vashington shtatining sharqiy qismida boshlangan o‘rmon yong‘inlari 100 ming gektardan ziyod maydonni qamrab olgan. WSJ nashrining xabar berishicha, dastlab Spokan shahri atrofida bir nechta alohida yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lgan, kuchli shamol va qurg‘oqchilik tufayli ular tezda kengaygan. Reuters agentligining yozishicha, yong‘inlar natijasida hozirga qadar 600 ta bino, jumladan, turar joylar va korxonalar vayron bo‘lgan.
O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi Vashington shtati hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lib, o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.
Bosh konsul Ahror Burxonov yong‘indan zarar ko‘rgan hududlardagi vatandoshlarni ehtiyot choralarini ko‘rishga, mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlarning ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirdi.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelganda yoki konsullik yordami zarur bo‘lganda, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasiga +1 (206) 529-7417 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin. Ushbu telefon raqami kecha-yu kunduz, dam olish kunlarisiz ishlaydi.

