Mahalliy

Uztex Group Chirchiqdagi Zarofattex to‘qimachilik kompaniyasini qo‘shib oladi

Uztex Group Chirchiqdagi Zarofattex to‘qimachilik kompaniyasini qo‘shib oladi. Raqobat qo‘mitasi mazkur iqtisodiy konsentratsiya bitimi bozorda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi haqida xulosa chiqarib, unga rozilik berdi. Uztex Group ustav fondi 300,56 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Uztex Group Chirchiqdagi Zarofattex to‘qimachilik korxonasini o‘z tarkibiga qo‘shib oladi.

Raqobat qo‘mitasi “Uztex Group” MCHJning “Zarofattex” MCHJni qo‘shib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga “Uztex Group” MCHJ tomonidan “Zarofattex” MCHJni qo‘shib olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berish haqida murojaat kelib tushgan.

Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, mazkur bitim tovar bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Shu asosda komissiya arizani qanoatlantirish va iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, “Uztex Group” trikotaj kiyimlar ishlab chiqarish, “Zarofattex” esa tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Uztex Group`ning ustav fondi hozirda 300,56 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning 90% ulushi Janubiy Koreya fuqarosi Kim Chjonga (Kim Jong), 10% Timur G‘aniyevga tegishli.

Zarofattex kompaniyasi 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning 1 mln so‘mlik ustav fondiga ega yagona ta’sischisi Sherzod Xudayberdiyev, rahbari esa Rashid Karimov hisoblanadi.

Ikkala korxona ham rasman Chirchiq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Zarofattex uchun ko‘rsatilgan manzil Uztex Group manzili bilan bir xil.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Uztex Group ta’sischisi Farhod Mamatjonovning Perfectum mobil aloqa operatori savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 50 foiz ulushini olish bo‘yicha bitimni ma’qullagandi.

uzbekistantextile industryacquisitioncompetition committeeuztex groupzarofattexmergereconomic concentration