Mahalliy

Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan – Usmon Nosir qanday shaxs bo‘lgan?

Shoir adolat nimaligini bilmaydigan zamondan haqiqatni izlaydi. Qamoqda bo‘lgan vaqtida Stalinga jinoiy ishini qayta tekshirishini

**Usmon Nosir: 12 ming 192 varaqdan iborat jinoyat ishi ortidagi shaxs kim edi?**

1912-yil 13-noyabrda Namanganning Tanhog‘or mahallasida o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavallud topdi. Uning otasi Mamatxo‘ja 1916-yilda ochlik va kasallik tufayli vafot etdi. Shoir keyinchalik bu og‘ir damlarni shunday xotirlaydi:

Otam o‘ldi, men sarson bo‘ldim,

Shum yetim deb so‘kdilar meni.

Ajab kunlarga mubtalo bo‘ldim,

Ko‘chalarga quvdilar meni...

Otasidan erta ayrilgan Usmon onasi bilan boylarning uyida xizmat qilib kun kechirdi.

Keyinchalik Usmon Nosirning onasi Xolambibi rus tilini biladigan, savdogar Nosir hojiga turmushga chiqadi va 1921-yilda ular Qo‘qonga ko‘chib kelishadi. Shu tariqa shoir Qo‘qonning boy adabiy muhitiga kirib boradi.

Bolalik davrida o‘yin-kulgu bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak bo‘lgan Usmon o‘gay otaning doimiy kaltaklari va haqoratlari ostida qoldi. Shoirning do‘sti Temur Fattoh o‘z xotiralarida bir voqeani eslaydi: bir kuni Xolambibi uyda yo‘qligida hoji yosh Usmonni holdan toyguncha urib, qo‘llarini orqasiga bog‘lab, oyog‘idan quduqqa osib qo‘yadi. Tasodifan kelib qolgan Tohirjon Sobirov uni quduqdan qutqarib oladi. Shundan so‘ng onasi uni "Yangi hayot" maktabidan olib, "Dor-ur shafaqa" – yetim bolalar yotib o‘qiydigan maktabga berishga majbur bo‘ladi. Zulmkor otadan qutulgan Usmon endi butun vujudi bilan she’riyatga sho‘ng‘iydi. Abdulahad Qahhorov rahbarligidagi "Sanoyi nafisa" to‘garagiga a’zo bo‘lib, she’r mashq qila boshlaydi.

1927-yilda Qo‘qon shahar xotin-qizlar muxbirlari mitingi munosabati bilan "Bizning ko‘zgu" devoriy gazetasi chiqariladi. Unga maktab o‘quvchilari maqola, she’r, ocherklar berishadi. Ular orasida Usmon Nosirning "Haqiqat qalami" nomli ilk she’ri ham bor edi. Keyinchalik Muxtorxon domla tashabbusi bilan bu she’r "Yangi yo‘l" jurnalining 8-sonida qayta nashr etiladi.

Haqiqatni yozasan,

Borliqni sen kezasan...

deya muxbirlarni olqishlab yozgan shoirni, afsuski, qalam ahli himoya qilmaydi.

Usmon Nosirning hayot yo‘li rang-barang edi. Misol uchun, 1929-yilda to‘qqiz yillik maktabning birinchi bitiruvchilari qatorida u Moskva va Leningradga ekskursiyaga boradi. Sayohat davomida Usmonning dunyoqarashi kengayadi. U Moskva Kinematografiya davlat instituti va Samarqand Pedagogika akademiyasiga o‘qishga kiradi, ammo sog‘lig‘i va xulqidagi muammolar sabab bu ikki oliygohni ham tugata olmaydi.

Sobir Abdullaning xotiralariga ko‘ra, Usmon Nosir Amin Umariy bilan Qo‘qon mumtoz adabiyotini o‘rganadi. Temur Fattoh esa ular 1926-yilda nashr etilgan Sergey Yeseninning to‘rt jildlik asarlarini o‘qishganini aytadi. Shoirning "Monolog" she’rida Dezdemona, Otello qahramonlari, Shekspir nomlari keltiriladi. Bundan ko‘rinadiki, Usmon Nosir sharq va g‘arb adabiyotidan xabardor bo‘lib, ularning mohiyati, yig‘indisini o‘z she’rlarida jamlagan.

Turob To‘la shoirni "Qalamida Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Furqat nafasi ufurgan, Dante, Petrarka muhofazalarini eslatgan, Pushkin, Lermontovlarni o‘zbek tilida gapirtirgan shoir" deya ta’riflaydi. Usmon Nosirning ilk to‘plami "Quyosh bilan suhbat" bo‘lib, 1932-yilda nashr etilgan.

Shoirning ijodiy merosi beshta she’riy kitob, to‘rtta drama va uchta dostondan iborat. Asarlaridagi ismlar mahorat bilan tanlanganki, ular insonni o‘ziga ipsiz bog‘laydi. Masalan, "Atlas" pesasida bosh qahramon Atlas yoki "Naxshon" dostonidagi Naxshon ismlari noyob va o‘ziga xos. Shuningdek, "Yurak", "Monolog", "Yo‘lchi", "Nil va Rim" she’rlari Usmon Nosirning tug‘ma talant ekanini isbotlaydi.

O‘tkir Rashid "Usmon Nosir haqida" nomli maqolasida shoirga quyidagidek ta’rif beradi: "Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo‘lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo‘lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko‘rsatdi... Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo‘lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo‘lida izlanish davri edi."

Usmon Nosir tarjimon ham edi. U 1937-yili rus shoiri A.S.Pushkin vafotining yuz yilligi munosabati bilan uning "Bog‘chasaroy fontani" asarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Nodira Rashidova suhbatlarining birida aytib o‘tadi: "1937-yil Moskvada Pushkinga bag‘ishlangan plenum bo‘ladi. O‘sha plenumga o‘zbek yozuvchilari ham taklif etiladi. SSSR Yozuvchilar uyushmasi raisi Bezimenskiy minbarga chiqib ma’ruza qilayotganida Pushkin nemis ijodkori Gyotening she’rlarini tarjima qilgani haqida so‘z yuritib, o‘sha tarjimadan misollar keltiradi. Shunda eng orqadagi o‘rindiqda o‘tirgan Usmon Nosir shartta o‘rnidan turib, "Kechirasiz, Nikolay Aleksandrovich, bu Gyotening emas, Shillerning misralari!" deydi. Shunda uyushma raisi dovdirab qoladi va uni sahnaga taklif qiladi. Tog‘am o‘zini tanishtirgach, Nikolay Aleksandrovich undan, sen Shillerni o‘qiganmisan, deb so‘raydi. Usmon Nosir esa, nafaqat o‘qiganman, hatto yod olganman, deya Shillerning dostonini yoddan o‘qib beradi. Bezimenskiy hayratda qoladi. U tog‘amning yelkasidan mahkam quchib, zalga qarab, "Hamma ko‘rib qo‘ysin! Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi!" deydi, shundan so‘ng Moskva gazetalarida Usmon Nosir haqida maqolalar yozilgan".

Shuningdek, u M.Lermontovning "Demon" ("Iblis") va "Egmont" tragediyasini ham o‘zbek tiliga tarjima qiladi. XX asrning 30-yillarida O‘zbekiston radio qo‘mitasi rahbari Qurbon Beregin bu asar ham o‘zbek tilida qo‘yilishi shart degan fikrga keladi va uni tarjima qilishni Usmon Nosirga topshiradi. Lekin 1937-yil avgust oylarida Usmon Nosir hibsga olingani sabab "Egmont" tragediyasini o‘zbek tiliga o‘girgan odam sir tutiladi. Naim Karimov izlanishlari natijasida o‘tmishning bizdan yashirgan maxfiy ma’lumoti oshkor bo‘ldi.

1937-yil 27-yanvar kechasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi soyuzida 25 yoshli Usmon Nosir ijodining o‘n yilligi munosabati bilan ijodiy kecha o‘tkaziladi. Oybek: "Usmon Nosir – ulug‘ shoir. Uning 25 yilligini nishonlasa arziydi. Ehtimol hali unga haykal qo‘yarmiz. U o‘zbeklarning Lermontovi", deya shoir ijodiga yuksak baho bergan.

Shoirning hayotidagi sho‘xliklarni aytib o‘tish ham o‘quvchi oldidagi burchimiz. Usmon Nosirning do‘stlari ko‘p bo‘lgan va ular doimiy bazmlarda ishtirok etgan. Shoir shunday joylarda she’r o‘qishni yoqtirgan, ayniqsa yosh qizlarning oldida, ularga bag‘ishlangan she’rlarni maromiga yetkazib o‘qigan.

1937-yilning qaqshatqich qatag‘on siyosati O‘zbekistonga ham kirib keladi. Bu siyosat birinchi galda adabiyot ustunlari Cho‘lpon, Fitrat, shuningdek, Usmon Nosirga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu vaqtda Usmon Nosir endi 25 yoshga kirgan, hali oila ham qurmagan, yosh va navqiron yigit edi. 1937-yil 12-iyulda Usmon Nosir O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasidan o‘chiriladi, 13-iyul kuni esa NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Shoir qalami o‘tkir, ma’rifatparvar, muxlislarining doim e’tibor va e’tirof markazida bo‘lgan, shuning uchun ham ba’zi hasadgo‘ylar uni "millatchi"likda ayblab ariza va ko‘rsatma berishadi. Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan.

Davrning qiyinchiligi, NKVD xodimlarining tergov jarayoni qanday bo‘lgani hammaga ma’lum. Qamoqqa olinganlar u yerdan qaytib chiqolmagan, aybi bo‘lmasa NKVD xodimlari tomonidan ayb yaratilar edi. Usmon Nosirni 1938-yil 5-oktyabrda o‘tkazilgan sud "millatchi", "Pushkin asarlarining saviyasini tushirish uchun tarjimani qasddan buzgan", "ruslarga qarshi xunrezli niyati bor" degan ayblovlar qo‘yib, o‘n yil ozodlikdan mahrum qiladi.

Shoir adolat nimaligini bilmaydigan zamondan haqiqatni izlaydi. Qamoqda bo‘lgan vaqtida Stalinga jinoiy ishini qayta tekshirishini so‘rab xat yozadi. Doimiy harakatlar besamar ketmaydi. 1944-yil 15-dekabrda Harbiy prokuratura Usmon Nosir ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmni bekor qiladi. Afsuski, oqlov tizimi ancha kechikadi. Usmon Nosir 1944-yil 9-mart sanasida yurak zaifligi va o‘pka silidan vafot etgan edi.

Shoir xotirasini abadiylashtirish yo‘lida Abubakir Rajabiy birinchilardan bo‘lib 1969-yilda shoirning ikki jildlik "Tanlangan asarlar"ini nashr etgan. Nodira Rashidova, Naim Karimovlar esa u haqida kitob, maqolalar yozishgan.

Xulosa o‘rnida Abdulla Oripovning shoir haqidagi fikrini keltiramiz: "Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasini oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir".

Zebo RAHMATULLA qizi,

jurnalist

uzbek poetliterary heritagebiographyliterary criticismtranslationsoviet repressionusmon nosirpurges