Siyosat

“Ukrainaga istalgan payt borib, deyarli istagan narsamizni olishimiz mumkin” — Donald Tramp

**"Ukrainaga istalgan vaqtda borib, deyarli istagan narsamizni olishimiz mumkin" — Donald Tramp**

AQSH va Ukraina oʻrtasida foydali qazilmalar hamda nodir metallar boʻyicha imzolangan kelishuv Vashingtonga mamlakatning ushbu resurslaridan deyarli cheklanmagan darajada foydalanish imkonini beradi. Prezident Donald Tramp bu haqda 31-iyul kuni eʼlon qilingan Real America’s Voice telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Tramp Ukrainaning nodir metallar zaxiralariga juda boy ekanini aytib, AQSH istalgan vaqtda u yerga borib, deyarli istagan resursini olishi mumkinligini taʼkidladi.

"Ukraina nodir metallarga juda boy va unumdor hududlarga ega. Biz minerallar boʻyicha shartnoma imzoladik. Endi u yerga istalgan vaqtda borib, deyarli istagan narsamizni olishimiz mumkin", degan AQSH prezidenti.

Uning taʼkidlashicha, bu Vashington uchun "juda foydali bitim" boʻlgan.

**AQSH va Ukraina oʻrtasidagi resurslar boʻyicha kelishuv**

2025-yil 1-may kuni AQSH moliya vaziri Skott Bessent va oʻsha paytdagi Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko Vashingtonda Amerika—Ukraina tiklanish investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan edi.

Kelishuvga koʻra, jamgʻarma Ukrainada qazib olinadigan foydali qazilmalardan olinadigan daromadlar hisobidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan.

Donald Tramp ushbu bitimni imzolashga bir necha oy davomida harakat qilgan. U AQSHning Ukrainaga koʻrsatgan harbiy yordami evaziga Kiyev Vashingtonga mineral resurslardan foydalanish imkoniyatini berishi kerakligini bir necha bor taʼkidlagan.

Tramp avvalroq mazkur kelishuv AQSHga 350 milliard dollardan ham koʻproq foyda keltirishini bildirgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya boshlab bergan urush davrida Vashington Ukrainaga shuncha miqdorda yordam koʻrsatgan.

Biroq Ukrainada mazkur kelishuv tanqidlarga ham uchragan. Tanqidchilarga koʻra, bitimda Kiyev uchun muhim boʻlgan xavfsizlik kafolatlari nazarda tutilmagan.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSHga Rossiyadagi nodir metallarni qazib olishni taklif qilgan edi. U ikki mamlakat birgalikda alyuminiy ishlab chiqarishi mumkinligini ham aytgandi.

us foreign policymineral resourcesukrainerare metalsdonald trumpus-ukraine agreementnatural resourceseconomic agreements