Dunyo

Ukraina asirligida 51 ta davlat fuqarolari borligi ma’lum bo‘ldi

Ukraina urush boshlanganidan buyon Rossiya tomonida jang qilgan 51 davlat fuqarolarini asirga olgan. Bu haqda Oliy Radaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets ma’lum qildi.

Lubinetsning so‘zlariga ko‘ra, 51 mamlakatdan kelgan xorijliklar Rossiya bosqinchilari armiyasi tarkibida jang qilib, Ukrainada asirga tushgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomonida urushda qatnashishning real huquqiy oqibatlarga olib kelishi haqida ochiq gapirish muhim.

Shuningdek, Lubinets ukrainalik bolalarni deportatsiya qilish va majburiy ko‘chirish bo‘yicha 20 610 ta holat tasdiqlanganini aytdi. "Bring Kids Back UA" tashabbusi doirasida 2 425 nafar bola Ukrainaga qaytarilgan, shundan 465 nafari Ombudsman idorasi ko‘magida amalga oshirilgan. Minglab tinch aholi va ukrainalik harbiylar esa Rossiya asirligida qolmoqda.

"Biz ularni qaytarish uchun barcha imkoniyatni ishga solishimiz kerak. Rossiyaning har bir jinoyati tegishli ravishda hujjatlashtirilib, jazosiz qolmasligi lozim", — deya qo‘shimcha qildi u.

2026-yil aprel oyida Bosh razvedka boshqarmasi Rossiya joriy yilda Ukrainaga qarshi urushga yana 20 mingga yaqin chet elliklarni yollashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Buning uchun Rossiya mamlakatda bo‘lib turgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan xorijliklar sonini aniqlab, safarbarlik rejasini tuzgani ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, SSSR yetakchisi Leonid Brejnevning chevarasi Anton Milayev ham urush hududida Ukraina harbiylari tomonidan asirga olingan. U AQSHdan Rossiyaga qaytgach, 1 million rubl miqdorida qarzga botgan va pul topish istagi urushga borish uchun asosiy sabab bo‘lgan.

Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilayotganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Ulardan biri 2025-yil oktyabr oyida taslim bo‘lib, asirga tushgan. Ushbu voqeadan ikki oy oldin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xarkov yo‘nalishidagi janglarda Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Afrika mamlakatlaridan kelgan yollanma askarlar Rossiya safida jang qilayotganini ta’kidlagan.

**O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan**

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.

Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan, chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

ukraine waruzbekistan lawhuman rightsforeign fightersprisoners of warchild deportationrussia's war crimesmercenary recruitment