Uchta kompaniya dorilar narxlarini asossiz oshirib, 100 mln so‘mga yaqin daromad oldi

Uchta kompaniya dorilar narxlarini asossiz oshirib, qariyb 100 million so‘m daromad oldi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, uchta farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari narxlarini asossiz oshirish orqali jami 100 million so‘mga yaqin noqonuniy daromad olgan.
Aniqlanishicha, "Nika Pharm" MCHJ, "Astor Alliance" MCHJ va "Yevro Farm Biznes" MCHJ tomonidan quyidagi dori vositalarini sotishda narxlarning asossiz oshirilishi qo‘mitaning "Fair tech" yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan ma’lumotlar tahlili natijasida aniqlangan:
* "Nika Pharm" tomonidan — "Gastromeg Ezo" kapsulalari;
* "Astor Alliance" tomonidan — "Dolgit" kremi va "Mezim" tabletkalari;
* "Yevro Farm Biznes" tomonidan — "Brovensin" siropi.
Ushbu dori vositalarini sotishda belgilangan narxlarga rioya etilmagani sababli jami 100 million so‘mga yaqin asossiz daromad olingan.
Uchala farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ortiqcha olingan mablag‘lar qaytarilgan. Korxonalar ushbu holatni ixtiyoriy ravishda bartaraf etib, Soliq qo‘mitasidan kelib tushgan ma’lumotlar asosida o‘rganish o‘tkazgan va asossiz olingan daromadni qoplash choralarini ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, dorixonalarda sotilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun belgilangan ustamalardan yuqori mablag‘ olingani aniqlansa, ortiqcha pulni isteʼmolchiga qaytarish tizimi 2023-yil 1-maydan ishga tushirilgan edi. Ushbu tartibga ko‘ra, isteʼmolchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun berilgan cheklarning QR kodi "Soliq" mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda, belgilangan ustamalardan yuqori mablag‘ olingani aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qo‘mitasiga xabar yuboriladi va ortiqcha olingan mablag‘ isteʼmolchiga qaytariladi.

