Siyosat

Turkiy davlatlar Shengeni yaratilmoqda: qo‘shni davlatlarga ID karta bilan boriladi

**Turkiy davlatlar o‘rtasida Shengen tizimiga o‘xshash yangi tartib joriy etilmoqda: qo‘shni mamlakatlarga ID karta bilan sayohat qilish imkoniyati yaratiladi**

Turkiya va Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) a’zolari "Turkic ID" nomli tashabbus ustida ish olib bormoqda. Eurasiatoday nashrining xabar berishicha, ushbu loyiha amalga oshirilgach, tashkilotga a’zo davlatlarning fuqarolari xorijga chiqish pasportisiz, faqat milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjat (ID karta) orqali o‘zaro sayohat qila oladilar.

Hozirda bu tashabbus Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishtirokida muhokama qilinmoqda. Kuzatuvchi maqomiga ega Vengriya va Turkmaniston esa loyihaga qo‘shilishi haqida hali rasmiy bayonot bermagan. Loyiha qabul qilinsa, u fuqarolar harakatini soddalashtirish, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish hamda savdo, turizm va gumanitar aloqalarni faollashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, "Turkic ID" Turkiyaning turkiy makonda chuqurroq integratsiyani shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir. So‘nggi yillarda TDT iqtisodiyot, transport, raqamlashtirish, ta’lim, madaniyat, logistika va mudofaa sanoati sohalarida hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirib kelmoqda. Yagona identifikatsiya tizimining joriy etilishi bu jarayonni yanada tezlashtirishi mumkin.

Ushbu loyihaning ahamiyati Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi – O‘rta koridorning rivojlanayotgan davriga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalish Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropani Rossiya hududini chetlab o‘tuvchi logistika tarmog‘i orqali bog‘laydi. Fuqarolar harakatining soddalashishi transport, investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirishni ham tezlashtirishi mumkin.

Shuni ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohat qilishni istagan xorijiy fuqarolar uchun yagona turistik viza joriy etish tashabbusini ilgari surgandi. Qozog‘iston va O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani ma’lum qilingan. Qirg‘iziston rahbari bu tashabbus mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirgan.

tourismcentral asiatradevisa-free travelregional integrationturkic idturkic statestransport corridor