Toyota Central Asia Orol dengizida saksovul ekishni qo'llab-quvvatladi
Toyota Central Asia “Green Aral Sea” kraudfanding loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida UNDPga Orol dengizining qurigan tubida 5 000 ta saksovul ko‘chati ekish uchun xayriya mablag‘ini ajratdi.

Toyota Central Asia Orol dengizi hududida saksovul ekish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toyota Central Asia kompaniyasi BMT Taraqqiyot Dasturiga (UNDP) “Green Aral Sea” kraudfanding loyihasi doirasida xayriya mablag‘i ajratdi. Ushbu mablag‘ Orol dengizining qurigan tubiga 5000 tup saksovul ko‘chati ekishga yo‘naltiriladi.
Mazkur loyiha Orol dengizining qurigan qismida ekologik muvozanatni tiklash, zaharli changning tarqalishiga chek qo‘yish hamda aholi uchun sog‘lom yashash muhitini yaratishni maqsad qilgan.
Toyota Central Asia’ning yashil kelajak sari intilishi ushbu tashabbusning asosiy qadriyatlari bilan uyg‘un bo‘lib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va atrof-muhitni himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Toyota Central Asia bilan hamkorligimiz xususiy sektorning atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim barqarorligini ta’minlashga qanday samarali hissa qo‘sha olishini yaqqol ko‘rsatib beradi. Umid qilamizki, bu tashabbus O‘zbekistondagi boshqa kompaniyalarni ham ekologik mas’uliyatni kuchaytirishga ilhomlantiradi”, — deyiladi xabarda.

