Toshkentning transport master-rejasi tayyorlanadi. Tanlovda STEP City g‘olib chiqdi
Xalqaro STEP City kompaniyasi Toshkentning transport master-rejasi va makromodelini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov g‘olibi bo‘ldi. Ishlarni sentabr oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Shuningdek, poytaxtning 271 ta chorrahasiga 4 mingga yaqin adaptiv svetofor o‘rnatildi.

Toshkent shahrining transport master-rejasi va makromodelini ishlab chiqish bo‘yicha tanlovda STEP City kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Bu ishlar 2026-yil sentabr oyi oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 22-iyuldagi qarorida shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning hisobotiga tayanib ma’lum qilindi.
Master-reja va makromodelni ishlab chiquvchini tanlash uchun AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Rossiya, Shvetsiya va Fransiyadan 90 dan ortiq kompaniya ishtirokida tanlov o‘tkazilgan. G‘olib bo‘lgan STEP City kompaniyasiga poytaxt master-rejasi va makromodelini sentabr oyi oxirigacha yakunlash vazifasi yuklatildi.
Avvalroq, fevral oyida Toshkent shahar hokimligi 2045-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi transport master-rejasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar yig‘ishini e’lon qilgan edi. Takliflar so‘rovi tartibini Yo‘l harakatini tashkil etish markazi o‘tkazgan, manfaatdor kompaniyalarning arizalari 9-martgacha qabul qilingan.
Fevral oyi oxirida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini amaliy modernizatsiya qilish boshlanganini ma’lum qilgandi. Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar qatorida "aqlli" svetoforlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini yaxshilash, avtoturargohlarni tartibga solish va jamoat transporti ishi ustidan nazoratni kuchaytirish qayd etilgan edi.
STEP City – transportni rejalashtirish, shahar mobilligi va harakatni raqamli boshqarish sohasidagi xalqaro kompaniya bo‘lib, 2017-yilda Moskvada tashkil etilgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning portfelida Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qirg‘izistonning 30 ta shahrida 500 dan ortiq loyiha mavjud. Kompaniya transport master-rejalari va modellari, harakatni tashkil etish, jamoat transporti, to‘xtash joylari hamda intellektual transport tizimlari loyihalarini ishlab chiqadi.
O‘zbekistonda STEP City ilgari Toshkent shahrining shahar mobilligi strategiyasini ishlab chiqqan edi. Bu loyiha transport tizimi diagnostikasi, infratuzilma va harakat xavfsizligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar, intellektual transport tizimi arxitekturasi, MaaS ilovasi prototipi va Vaziyatlar markazi uchun raqamli platformani o‘z ichiga olgan.
Shu bilan birga, germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahrining intellektual transport tizimini joriy etish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqildi. Hokimiyat svetoforlarni adaptiv boshqarish va sun’iy intellekt qo‘llagan holda transport oqimlarini tahlil qilish sohasida tajribaga ega 12 ta kompaniya bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ular orasida Avstriyaning SWARCO, Germaniyaning Siemens Mobility, AQShning Cubic Transportation Systems va Xitoyning Huawei kompaniyalari bor.
"Tezkor yaxshilash" loyihalari doirasida umumiy uzunligi 260 km bo‘lgan ko‘chalar tahlil qilindi. Yechimlarni tayyorlashda topografik xaritalar, dronlardan olingan tasvirlar va 271 ta chorrahadagi harakat jadalligiga oid ma’lumotlardan foydalanildi. Ushbu chorrahalarda 3946 ta svetofor o‘rnatildi. Qarorda ta’kidlanishicha, ular eng tirband yo‘nalishlarda yashil chiroq vaqtini avtomatik ravishda uzaytirish va uzluksiz "yashil koridorlar" yaratish imkonini beradi.
Bundan tashqari, poytaxtda 1349 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi, mavjud 2909 tasi almashtirildi, 176 km yo‘l chiziqlari chizildi hamda qariyb 720 ming kv metr asfalt qoplamasi joriy ta’mirlandi. Transport tirbandligini kamaytirish maqsadida 61 ta chorrahada qurilish ishlari olib borildi. Avtomobil yo‘llarida tashqi yoritishning 2889 ta tayanchi ta’mirlandi, shuningdek, haydovchilar e’tiborini chalg‘itayotgan 902 ta reklama konstruksiyasi demontaj qilindi.
Kengash qarorida, shuningdek, Toshkent atrofida qiymati 1 mlrd dollarlik 100 kilometrlik ikki qavatli pulli aylanma yo‘l qurish taklif etilayotgani aytiladi. Loyiha China Railway Construction bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin. Hokimiyat, shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan tunnellar, yo‘lo‘tkazgichlar va o‘nlab kilometrlik BRT tarmoqlarini qurishni muhokama qilmoqda.

