Toshkentdan Manchesterga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar ochilishi mumkin
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi aviaaloqalarni kengaytirish doirasida Toshkentdan Manchester shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu masala O‘zbekiston elchisining Manchester Airpors Group (MAG) rahbariyati bilan o‘tkazgan uchrashuvida ko‘rib chiqildi.

Toshkent va Manchester shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov va MAG kompaniyasining korporativ masalalar bo‘yicha direktori Ris Uolli o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish va "Toshkent – Manchester" yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Britaniya tomoni Manchester aeroportining mamlakat shimoli va Shimoliy Yevropadagi eng yirik transport-logistika markazlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Har yili ushbu aeroport orqali 32 milliondan ortiq yo‘lovchi harakatlanadi va mavjud infratuzilma kelajakda bu ko‘rsatkichni 70 million nafargacha oshirish imkonini beradi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda aviatsiya sohasining jadal rivojlanayotgani va mahalliy aviakompaniyalarning imkoniyatlari kengayib borayotgani ushbu yo‘nalishni ochish uchun muhim omil sifatida qayd etildi.
Ris Uolli yangi aviaqatnov ikki davlat o‘rtasidagi biznes va turizm aloqalarini mustahkamlashga, shuningdek, O‘zbekistonning Yevropa bilan tranzit aviabog‘liqligini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi. U o‘zbekistonlik aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va loyihani amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish yuzasidan yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

