Mahalliy

Toshkentdagi Salor kanaliga oqova suv tashlagan qurilish kompaniyasidan 2,2 mlrd so‘m undiriladi

Toshkentdagi Salor kanaliga oqova suv tashlagan qurilish kompaniyasidan 2,2 milliard so‘m undiriladi.

Toshkentning Yakkasaroy tumanida joylashgan Salor kanaliga 63 936 kub metr suyuq chiqindi noqonuniy ravishda oqizilgani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan qurilish ishlarini amalga oshirgan mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ)ga 2,2 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari vaqtida oqova suv quvuriga shikast yetkazilgani va oqova suvning Salor kanaliga sizib chiqayotgani haqidagi murojaat o‘rganilgan.

Tekshiruvlar natijasida "B.B." MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi jarayonida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida quvurning bir qismi o‘pirilib tushgan va to‘plangan oqova suv hech qanday tozalash ishlari olib borilmasdan, maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalga chiqarilgan.

Laboratoriya tahlillari shuni ko‘rsatdiki, oqova suv tarkibida neft mahsulotlari qoldiqlari me’yordan 5,02 marta, ammoniy azoti 43,5 marta, kimyoviy kislorod sarfi 4,9 marta, muallaq moddalar esa 13,6 marta yuqori bo‘lgan. Shuningdek, ifloslangan tuproq namunalarida ham neft mahsulotlari qoldiqlari topilgan.

Ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu holat natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun MCHJga kanalni ifloslantirgani bo‘yicha 2 milliard 160 million so‘m, tuproqni ifloslantirgani uchun esa 60 million so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblangan. Jami to‘lov miqdori 2 milliard 220 million 40 ming 905 so‘mni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 3-iyul kuni Yakkasaroy tumanidagi qurilish obyektida kanalizatsiya tarmog‘ida yuzaga kelgan texnik nosozlik oqibatida diametri 1 800 mm bo‘lgan quvurga shikast yetgan edi. Buning natijasida suv toshib, yer qoplamasining qisman cho‘kishi va o‘pirilishi kuzatilgan. Keyinchalik qurilish ishlari davomida shikastlangan quvurdan chiqqan oqova suv Salor kanaliga oqizilgani aniqlangan.

tashkentfinesenvironmental pollutionsalor canalwastewater dischargeconstruction damageecological damagewater contamination