Mahalliy

Toshkentda qizlarni intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlab kelingan spa salon faoliyatiga chek qo‘yildi

Mirobod tumanida spa salon nomi ostida fohishaxona tashkil etish va odam savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlangan guruh aniqlandi. IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, ikki qiz ish va’dasi bilan jalb etilib, erkiga zid ravishda ushlab turilgan, kaltaklangan va jinsiy ekspluatatsiya qilingan.

Toshkentda ayollarni intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlagan spa salon faoliyatiga chek qo‘yildi.

Toshkent shahrining Mirobod tumanida spa salon niqobi ostida fohishaxona tashkil etib, odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan guruh faoliyati to‘xtatildi. Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, ikki nafar qiz ish va’dasi bilan jalb qilingan, so‘ngra ularning ixtiyoriga zid ravishda binoda ushlab turilib, jinsiy ekspluatatsiya qilingan.

Mazkur tezkor tadbir IIBB va shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nigina, Ra’no va Zarnigor ismli ayollar oldindan til biriktirib, spa salon hududida fohishaxona tashkil etgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ikki qiz ishga joylashtirish bahonasi bilan aldangan, ularning erkiga zid ravishda ushlab turilgan va tanish mijozlarga intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bildirishicha, gumonlanuvchilar shu yo‘l bilan noqonuniy daromad olgan.

Jabrlangan qizlardan biri Telegram’da ofitsiantlik vakansiyasi haqidagi e’lonni ko‘rganini aytgan. U ko‘rsatilgan manzilga kelganida, shaxsiy buyumlari olib qo‘yilgan va yerto‘laga tushirilib, massaj qilishi kerakligi aytilgan.

“Men massaj qilishni bilmayman deganman. Yo‘q, o‘zimiz o‘rgatamiz, xullas, shunaqa-shunaqa qilasiz, oddiygina bo‘ladi, deyishgan. Xullas, qizlarni “vыbor”ga olib chiqishadi, majburlashadi… Biz massaj qilib turgan paytimizda o‘sha erkaklar yaqinlashgan, biz nima qilyapsiz deb, o‘sha kliyent bilan tortishib qolgan paytimizda, biz pul berganmiz, sen qilishga majbursan, nimaga unaqa qilyapsan degan. Kliyent kelgan payti chiqmaymiz deganimizda, xonamizga kirib urishgan, baland poshnali tuflilar bo‘lar edi. O‘sha bilan urishgan, sochimizdan tortishgan”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qizlarga ovqat berishmagan, kaltaklash, sharmanda qilish va ko‘chaga kiyimsiz haydab yuborish bilan tahdid qilishgan. Boshqa bir jabrlanuvchi esa ularga hatto o‘lim bilan ham tahdid solinganini ta’kidladi.

“Mana shu yerda o‘lib ketasan, o‘ligingni hech kim ko‘rmaydi deyishgan”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi IIBB.

Tezkor tadbir davomida yana yetti nafar qiz “massaj xizmati ko‘rsatish niqobi ostida fohishalik bilan shug‘ullanib kelgani” aniqlangan, deyiladi xabarda.

Gumonlanuvchilar intim xizmatlar uchun 320 dollar va 6,25 mln so‘m olayotgan vaqtda ushlangan. Voqea joyidan olingan buyumlar va pul mablag‘lari xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

sexual exploitationhuman traffickingspa saloncriminal casetashkentprostitutionforced laborpolice operation