Mahalliy

Toshkentda eshik tirqishidan kirib, do‘kon kassasini tunagan o‘smir jinoyat ustida ushlandi

Toshkentda doʻkon kassasidan pul oʻgʻirlagan oʻsmir jinoyat joyida qoʻlga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIB axborot xizmati maʼlum qildi.

Xabarga koʻra, voyaga yetmagan shaxs doʻkon eshigidagi tirqish orqali ichkariga kirib, kassadan 6 million 185 ming soʻm pulni oʻgʻirlagan. Tungi xizmatni olib borayotgan qoʻriqlash xizmati xodimlari uning shubhali harakatlarini payqab, voqea joyidan uzoqlashishga ulgurmasidan uni ushlaganlar va bu haqda navbatchilik qismiga xabar berganlar.

Tekshiruvlar natijasida gumonlanuvchi tomonidan oʻgʻirlangan 6 million 185 ming soʻm doʻkon egasiga toʻliq qaytarilgan.

Holatni oʻrganish jarayonida mazkur doʻkon va uning atrofidagi bir qator savdo shoxobchalari qoʻriqlash xizmati tizimiga ulanmagani aniqlangan. Shundan soʻng tadbirkorlar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, ularni qoʻriqlash xizmatiga ulash choralari koʻrilgan. Xususan, oʻgʻrilik sodir boʻlgan doʻkon egasi ham qoʻriqlash xizmati bilan shartnoma tuzgan.

Jinoyatning fosh etilishiga hissa qoʻshgan xodimlar ichki ishlar organlari rahbariyati tomonidan taqdirlangan.

Avvalroq Jizzaxda qorovul oʻzi ishlayotgan korxonada 4 yil davomida jami 91 dona elektr generatori va tikuv mashinalarini oʻgʻirlagani aniqlangandi. Boshqa bir holatda esa Buxoroda 60 dan ortiq fuqaroning pullarini oʻzlashtirgan guruh aʼzolari qoʻlga olingan edi.

uzbekistantashkentlaw enforcementsecuritypreventiontheftjuvenile crimeshop robbery